Maktab direktori tavsiyanoma olgan maktab maslahatchisini ishga olishni rad eta oladimi?

Maktab direktori tavsiyanoma olgan maktab maslahatchisini ishga olishni rad eta oladimi?

Maktab maslahatchisi tanlovi yakunlanib, tavsiyanoma olgan nomzodlarni ishga qabul qilish jarayoni boshlandi. “Maktab maslahatchisi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi nizomga koʻra, maktab direktori tanlov komissiyasi tavsiya etgan nomzodni ishga olishni rad eta olmaydi.

 

Xabaringiz bor, 23-iyul kuni maktab maslahatchisi lavozimi uchun oʻtkazilgan tanlovning ikkinchi mavsumi yakunlari eʼlon qilinib, natijalar nomzodlarning shaxsiy kabinetlariga yuborildi.

 

Tanlovning ikkinchi mavsumiga jami 42 932 nafar nomzod ariza topshirgan. Shundan 38 303 nafari test sinovlarida ishtirok etgan, 19 294 nafari suhbat bosqichiga tavsiya etilgan.

 

Yakuniy bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar tanlov komissiyasining tavsiyanomasi asosida maktab maslahatchisi sifatida ish boshlaydi.

 

Maktab direktori tavsiyanoma olgan nomzodni ishga olishdan bosh tortishi mumkinmi?

 

Yoʻq. Nizomga koʻra, tanlov komissiyasi tavsiyanoma bergan nomzod umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktori tomonidan ishga qabul qilinadi.

 

Shuningdek, hujjatda tanlov komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlari uchun majburiy ekani belgilangan.

 

Tanlovdan muvaffaqiyatli o’tgan talabgor bilan mehnat shartnomasini tuzish jarayoni belgilangan muddatdan kechiksa, berilgan tavsiyanoma kuyadimi?

 

Yo ʼq. Maktab maslahatchisi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodga tanlov komissiyasi tomonidan berilgan tavsiyanoma 3-yil muddatga amal qiladi.

 

Shu bois, maktab rahbariyatining mehnat taʼtilida boʻlishi yoki boshqa sabablarga koʻra, mehnat shartnomasini tuzish jarayoni kechikkan taqdirda ham tavsiyanoma kuymaydi.

 

Avvalroq, maktab maslahatchisi tanlovida g‘olib bo‘lganlar qanday tartibda ishga qabul qilinishi haqida xabar bergan edik.