Endilikda bolani davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish uchun bir nechta idoraga murojaat qilish talab etilmaydi. Barcha jarayonlar my.gov.uz portali orqali yagona tizimda amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga joylashtirish jarayoni “Bir ariza – bir natija” (1-0-1) tamoyili asosida toʻliq raqamlashtirildi.
Yangi tizim orqali ota-onalar my.gov.uz portali yordamida bogʻchaga joylashtirish bilan bogʻliq barcha xizmatlardan bir platforma orqali foydalanishi mumkin.
Jumladan, ular:
- bolani bogʻchaga joylashtirish uchun yoʻllanma rasmiylashtirishi;
- zarurat boʻlmaganda yoʻllanmani bekor qilishi;
- tibbiyot muassasasiga elektron yoʻllanma olib, tibbiy maʼlumotnomani rasmiylashtirishi;
- maktabgacha taʼlim tashkiloti bilan shartnomani elektron shaklda imzolashi mumkin.
Shuningdek, bolani bogʻcha tarbiyalanuvchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish jarayoni ham avtomatlashtirilgan.
Endilikda ushbu bosqich inson omilisiz, real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun, avvallari bogʻchaga joylashtirish jarayonida ota-onalar bir nechta idoraga murojaat qilishi va barcha bosqichlarni yakunlash uchun 20 kungacha vaqt sarflashi mumkin edi.
Yangi tartib orqali esa barcha xizmatlar yagona raqamli tizimga birlashtirilib, bogʻchaga joylashtirish jarayonini soddalashtirish hamda ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirish koʻzda tutilgan.
