Maktab maslahatchisi tanlovida g‘olib bo‘lganlar qanday tartibda ishga qabul qilinadi?

Maktab maslahatchisi tanlovida g‘olib bo‘lganlar qanday tartibda ishga qabul qilinadi?

Kecha maktab maslahatchisi lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlovning yakuniy natijalari nomzodlarning shaxsiy kabinetlariga yuborildi. Endilikda tavsiyanoma olgan nomzodlar belgilangan tartib asosida bosqichma-bosqich umumta’lim maktablariga ishga qabul qilinadi.

 

Xabaringiz bor, 23-iyul kuni maktab maslahatchisi lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlovning ikkinchi mavsumi yakunlari e’lon qilinib, natijalar tanlov.uzedu.uz platformasi orqali nomzodlarning shaxsiy kabinetlariga yuborildi.

 

Tanlov komissiyasining maxsus tavsiyanomasini olgan nomzodlar maktab maslahatchisi sifatida ish boshlaydi.

 

Ularni ishga qabul qilish jarayoni tasdiqlangan nizom asosida bir necha bosqichda amalga oshiriladi.

 

Ishga qabul qilish tartibi quyidagicha:

 

  • Komissiya kotibi 5 ish kuni ichida platforma orqali tavsiyanomani Respublika ‘‘Kelajak’’ markaziga kelishish uchun yuboradi;
  • Respublika ‘‘Kelajak’’ markazi tavsiyanomani 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, tasdiqlaydi;
  • Nomzod tavsiyanoma tasdiqlangach, 3 ish kuni ichida umumta’lim maktabi direktoriga ishga kirish uchun ariza topshiradi;
  • Maktab direktori 3 ish kuni ichida ishga qabul qilish bo‘yicha buyruqni rasmiylashtirib, tegishli xulosa olish uchun Adliya organining E-huquqshunos tizimiga yuboradi;
  • Xulosa olingach, 2 ish kuni ichida direktor buyruq bilan tanishtiradi va nomzodni lavozimga qabul qiladi.

 

Shuningdek, maktab maslahatchisi keyinchalik lavozimidan ozod etilgan taqdirda ham vakant o‘rin bo‘yicha buyruq Adliya organining E-huquqshunos tizimiga 2 ish kuni ichida yuborilishi belgilangan.

 

Ma’lumot uchun, tanlovning ikkinchi mavsumiga 42 932 ta ariza kelib tushgan. Shundan 38 303 nafar nomzod test sinovlarida ishtirok etgan, 19 294 nafari suhbat bosqichiga tavsiya etilgan.

 

Yakuniy bosqichdan muvaffaqiyatli o’tgan nomzodlar tavsiyanoma asosida maktablarga ishga qabul qilinadi.