Chexiya hukumati majburiy maktabgacha ta’lim muddatini bir yildan ikki yilga uzaytirishni taklif qildi. Tashabbus ma’qullansa, bolalar bog‘chasiga qatnash 4 yoshdan boshlab majburiy bo‘ladi.
Chexiya ta’lim vaziri Robert Plaga majburiy maktabgacha ta’lim muddatini bir yildan ikki yilga uzaytirishni rejalashtirmoqda. Tashabbus ma’qullansa, bolalar amaldagidek 5 yoshdan emas, 4 yoshdan boshlab bolalar bog‘chasiga qatnashi majburiy bo‘ladi.
Vazirning ta’kidlashicha, maktabgacha ta’limni erta boshlash bolalarning rivojlanishidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga zarur yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Ta’lim muassasalariga ko‘proq psixologlar, maxsus pedagoglar va bolalar hamda o‘qituvchilarga yordam beradigan mutaxassislar kerak. Ammo bunday yordam imkon qadar erta – bog‘chadan boshlanishi Bolaga qanchalik erta ko‘mak berilsa, uning muvaffaqiyatga erishish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Shu sababli biz ikki yillik majburiy maktabgacha ta’limni joriy etishni istaymiz, — dedi Robert Plaga ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatida.
Chexiya Ta’lim vazirligi matbuot kotibi Ondrjey Matsuraning Novinky portaliga ma’lum qilishicha, mazkur tashabbus hozircha ishlab chiqish bosqichida. Vazir uning tafsilotlarini sentabr oyida taqdim etishni rejalashtirmoqda. Shunda yangi tartib qaysi yildan joriy etilishi ham ma’lum bo‘lishi mumkin.
Robert Plaganing so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik, avvalo, qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bolaning murakkab xulq-atvori ortida har doim ham maktabga qiziqmaslik yotmaydi. Ba’zan bunday bolalar oilasida murakkab vaziyatni boshdan kechirayotgan bo‘ladi va ularning muammolari chuqurlashib ketishidan avval yordam ko‘rsatilishi kerak, — dedi vazir.
PAQ Research tahliliy tashkiloti eksperti Yirji Munixning fikricha, majburiy maktabgacha ta’lim muddatini uzaytirish ijobiy natijalar berishi mumkin.
Bolalar bog‘chalari bolalarning keyingi ta’lim yo‘liga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu xuddi daromad keltiradigan investitsiyaga o‘xshaydi: dastlab kichik bo‘lib ko‘ringan farq 20 yil o‘tib juda katta natijaga aylanishi mumkin, — deya izoh berdi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, bu chora ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun foydali bo‘ladi. Chunki bolalar bog‘chasi ularga maktabga yaxshiroq tayyorlanishga yordam beradi, uy sharoitida esa buning uchun zarur imkoniyatlar har doim ham mavjud bo‘lavermaydi.
Bugungi kunda Chexiyada 4 yoshli bolalarning qariyb 90 foizi bolalar bog‘chasiga ixtiyoriy ravishda qatnaydi. Biroq yangi tartib qabul qilinsa, mamlakatda davlat bolalar bog‘chalari sig‘imini sezilarli darajada kengaytirishga to‘g‘ri keladi.
Yirji Munixning fikricha, aholi soni kamayib borayotgan hududlarda ushbu yangilik bolalar bog‘chalarini saqlab qolishga yordam beradi. Biroq yirik shaharlar atrofidagi, yosh oilalar soni ortib borayotgan hududlarda bog‘chalarda joylar yetishmovchiligi yanada kuchayishi mumkin.

