Bog‘chaga imtiyozli navbat uchun endi onlayn hujjat topshirish mumkin

Bog‘chaga imtiyozli navbat uchun endi onlayn hujjat topshirish mumkin

Davlat bog‘chalariga imtiyozli navbatga qo‘yish uchun endi onlayn hujjat topshirish mumkin. Ariza my.gov.uz portali orqali yuboriladi, imtiyozga oid ma’lumotlar esa davlat organlarining axborot bazalari orqali avtomatik tekshiriladi.

 

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli navbatga qo‘yish xizmati to‘liq raqamlashtirildi.

 

Endilikda imtiyozli navbatga qo‘yilish uchun fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi. Ariza onlayn yuborilgach, tizim ariza beruvchining imtiyozga egaligini tegishli vazirlik va idoralarning axborot bazalari orqali avtomatik tekshiradi.

 

Kimlar my.gov.uz orqali imtiyozli navbatga qo‘yiladi?

 

  • Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;
  • Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
  • “Ayollar daftari”ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning bolalari;
  • Akalari yoki opalari ushbu bog‘chaga qatnayotgan bolalar;
  • Ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bog‘chalardan umumiy turdagi muassasalarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar;
  • Kam ta’minlangan oilalarning farzandlari;
  • Oila a’zolari nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat oilalar bolalari;
  • Boquvchisini yo‘qotgan oilalarning bolalari;
  • To‘rt va undan ko‘p farzandi bor oilalar bolalari;
  • Talabalarning farzandlari;
  • Maktab, OTM, texnikum, kollej va akademik litseylar pedagoglarining bolalari.

 

Arizalar my.gov.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Ariza topshirishda fuqaro ‘‘Bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish’’ davlat xizmatini tanlab, maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda o‘ziga tegishli imtiyozli toifani ko‘rsatadi.