Bilim va malakalarni baholash agentligi barcha fandan sertifikatga ega abituriyentlar uchun test kuni amal qiladigan tartibga aniqlik kiritdi. Rasmiylarga koʻra, mazkur toifadagi talabgorlar test markaziga borishi ham, imzo qo’yishi ham talab etilmaydi. Test sinovlari yakunlangach esa ular OTM va ta’lim yo’nalishlarini tanlashning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi.
Soʻnggi kunlarda tahririyatimizga muddatidan avval 189 ball toʻplagan yoki maksimal balldan kam boʻlsa ham barcha fanlardan milliy sertifikatga ega abituriyentlardan murojaatlar kelib tushmoqda
Murojaatlarda sertifikatdan foydalanishni tanlagan abituriyentlar test sinovi kuni test oʻtkaziladigan hududga borish kerakmi, degan mazmunda savol yoʻllashgan.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan bogʻlandik.
BMBA rasmiylarining maʼlum qilishicha, agar abituriyent test sinovidan ozod etuvchi huquqqa ega boʻlsa, ushbu huquq milliy sertifikat orqali qoʻlga kiritilganmi yoki davlat tomonidan berilgan boshqa asosga egami — buning farqi yoʻq. Har qanday holatda ham bunday abituriyent test sinovlarida ishtirok etmaydi.
Yaʼni barcha fanlardan milliy sertifikatga ega boʻlgan abituriyent “sertifikatdan foydalanaman” degan tanlovni amalga oshirsa, u test sinovidan ozod etilgan hisoblanadi. Shu sababli bunday abituriyentlar test topshirish uchun ham test oʻtkaziladigan hududga bormaydi. Ularga shaxsiy kabinet orqali ruxsatnomalar ham shakllantirilmaydi.
Shuningdek, agentlik ayrim abituriyentlarni qiziqtirayotgan imzo qoʻyish masalasiga ham aniqlik kiritdi. Rasmiylarning bildirishicha, test sinovidan ozod etilgan abituriyentlardan test kuni imzo qoʻyish ham talab etilmaydi. Yaʼni ular faqat imzo qoʻyish maqsadida test markaziga borishi shart emas.
BMBA maʼlumotiga koʻra, test sinovlari yakunlangach, mazkur toifadagi abituriyentlar ham qabulning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi bosqichda ularga 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli hamda tanlov ustuvorligini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Demak, 189 ball asosida test sinovidan ozod etilgan yoki toʻplagan bali 189 dan kam boʻlsa-da, barcha fanlardan milliy sertifikatga ega boʻlib, sertifikatdan foydalanishni tanlagan abituriyentlar test sinovi kuni test markaziga bormaydi. Ulardan test topshirish ham, imzo qoʻyish ham talab etilmaydi. Test sinovlari yakunlangach esa ular qabulning ikkinchi bosqichida 15 kun davomida OTM, taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Avvalroq, endi abituriyentlar baliga mos ta’lim yo‘nalishini sun’iy intellekt yordamida oson tanlashi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
