Texnikumlarga ikki kunda qancha talabgor hujjat topshirdi?

Texnikumlarga ikki kunda qancha talabgor hujjat topshirdi?

2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumlarga (9-sinf bazasida) qabul jarayoni boshlanganiga ikki kun bo‘ldi. 2-iyul soat 15:00 holatiga ko‘ra, texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan talabgorlardan 99 001 ta ariza qabul qilingan.

 

Xabaringiz bor, kecha, 1-iyul sanasidan boshlab 2026–2027-oʻquv yili uchun texnikumlarga qabul jarayoni boshlandi.

 

Kasbiy ta’lim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 9-sinfni 587 854 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lib, hozirga qadar ularning 16,8 foizi texnikumlarga hujjat topshirgan.

 

Qabul statistikalariga ko‘ra:

 

— 72 541 ta ariza kunduzgi ta’lim shakliga;

— 24 683 ta ariza dual ta’lim shakliga;

— 1 777 ta ariza xalqaro ta’lim yo‘nalishlariga topshirilgan.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p ariza Andijon viloyatidan kelib tushgan bo‘lib, ularning soni 16 064 tani tashkil etgan.

 

Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (13 779 ta), Samarqand (10 558 ta), Namangan (10 337 ta) va Qashqadaryo (10 022 ta) viloyatlari qayd etilgan.

 

Jins bo‘yicha taqsimotga ko‘ra, hujjat topshirganlarning 67 297 nafari o‘g‘il bolalar, 31 704 nafari esa qizlarni tashkil etgan.

 

Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yili uchun 570 ta texnikumda 166 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha jami 202 657 ta qabul kvotasi ajratilgan.

 

Arizalar 20-iyulga qadar (shu kuni ham) onlayn tarzda my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

 

Shuningdek, ariza topshirilgandan so‘ng qabul muddati yakuniga qadar hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda kiritilgan ma’lumotlarni tahrirlash imkoniyati mavjud.

 

Eslatib o‘tamiz, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatning 2-bosqichiga qabul qilinadi.