Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan variativ o‘quv rejalari tasdiqlandi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan variativ o‘quv rejalari tasdiqlandi

2026–2027-o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qo‘llaniladigan variativ o‘quv rejalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, maktablarda variativ o‘quv rejalarini joriy etishda o‘quvchilar va ularning ota-onalari xohishlari inobatga olinadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan variativ o‘quv rejalari tasdiqlandi.

 

Buyruqqa ko‘ra, ta’lim o‘zbek, rus hamda qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun alohida variativ o‘quv rejalar tasdiqlangan.

 

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida variativ o‘quv rejalari o‘quvchilar va ularning ota-onalari xohishlarini inobatga olgan holda joriy etiladi.

 

Bunda tayanch o‘quv rejada belgilangan umumiy haftalik dars soatlari hajmi saqlab qolinadi.

 

Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga variativ o‘quv rejalari asosida sinflarni shakllantirishda ota-onalar va o‘quvchilar tanlovini inobatga olish, shuningdek, mazkur jarayon ustidan Kuzatuv kengashlari orqali jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgan.

 

Shuningdek, joriy yilning 25-sentabriga qadar variativ o‘quv rejalari joriy etilgan maktablar, ularning ta’lim tili, sinfi, yo‘nalishi hamda o‘quvchilar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.

 

Variativ o‘quv rejalari 7–11-sinflarda o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari xohishiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda joriy etiladi.

 

Bunda sinflar 18 ta (filologiya, xorijiy tillar, moliya – iqtisod, axborot texnologiyalari (IT), muhandislik (texnologiya), tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar, boshlangʻich ta’lim, kimyo-texnologiya, geografiya va
geologiya, maktabgacha ta’lim va psixologiya, tarix va arxeologiya, turizm, yurisprudensiya, ijtimoiy ish, yoʻl harakati va hayot xavfsizligi faoliyati, sport, harbiy vatanparvarlik) yoʻnalish boʻyicha tashkil etiladi.

 

Tanlov yo‘nalishi o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma orqali aniqlanadi.

 

Variativ sinf faqat o‘quvchilar, ularning ota-onalari hamda o‘qituvchilarning kamida uchdan ikki qismi rozilik bildirgan taqdirda tashkil etiladi.

 

Shuningdek, o‘quv yili davomida variativ sinf yo‘nalishini o‘zgartirish yoki uni an’anaviy sinfga aylantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Agar tanlangan yo‘nalishda o‘qishni istovchilar soni 35 nafardan oshsa, o‘quvchilar tegishli fan bo‘yicha o‘tkaziladigan sinov natijalariga ko‘ra saralanadi.

 

Sinovdan oʻtolmagan oʻquvchi an’anaviy sinfda oʻqishini davom ettiradi.

 

Talabgorlar soni 35 nafardan oshmagan hollarda esa ular sinovsiz qabul qilinadi.

 

2-ILOVA — Ta’lim oʻzbek tilida boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalari uchun 2026-2027-oʻquv yiliga moʻljallangan FILOLOGIYA YOʻNALISHI boʻyicha variativ oʻquv reja

 

3-ILOVA — Ta’lim rus tilida boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalari uchun 2026-2027-oʻquv yiliga moʻljallangan FILOLOGIYA YOʻNALISHI boʻyicha variativ oʻquv reja

 

4-ILOVA — Ta’lim qardosh (qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman) tillarida boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalari uchun 2026-2027-oʻquv yiliga moʻljallangan birinchi namunadagi FILOLOGIYA YOʻNALISHI  boʻyicha variativ oʻquv reja

 

5-ILOVA — Ta’lim qardosh (qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman) tillarida boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalari uchun 2026-2027-oʻquv yiliga moʻljallangan FILOLOGIYA YOʻNALISHI boʻyicha ikkinchi namunadagi variativ oʻquv reja