Bugundan 2026–2027-oʻquv yili uchun texnikumlarga hujjatlar qabuli boshlandi

Bugundan 2026–2027-oʻquv yili uchun texnikumlarga hujjatlar qabuli boshlandi

Bugun, 1-iyuldan boshlab texnikumlarga onlayn hujjat topshirish boshlandi. Joriy yilda 9-sinf bitiruvchilari 570 ta, 11-sinf bitiruvchilari esa 641 ta texnikumga hujjat topshirishi mumkin. Arizalar my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

 

Bugun, 1-iyuldan sanasidan boshlab 2026–2027-oʻquv yili uchun texnikumlarga qabul jarayoni boshlandi.

 

9-sinf bitiruvchilari uchun respublika boʻyicha 570 ta texnikumda hujjat topshirish imkoniyati yaratilgan. Ushbu texnikumlarda 166 ta kasb-hunar yoʻnalishi boʻyicha qabul amalga oshiriladi. Umumiy qabul kvotasi 202 657 tani tashkil etadi. Arizalar 1–20-iyul kunlari qabul qilinadi.

 

Hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali onlayn topshiriladi.

 

Hujjat topshirish uchun qanday ma’lumotlar talab etiladi?

 

9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga hujjat topshirishda quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim:

 

— ID karta yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlari (abituriyentning fotosurati bilan);

 

— 9-sinfni tamomlaganlik to‘g‘risidagi elektron shahodatnoma ma’lumotlari.

 

Bunda maktabni tamomlaganlik haqidagi ma’lumotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining e-shahodatnoma.uz axborot tizimi orqali olinadi.

 

Ariza qanday topshiriladi?

 

Texnikumlarga hujjat topshirish jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

 

— tizimdan ro‘yxatdan o‘tish va shaxsiy ma’lumotlarni kiritish;

 

— ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlash, bunda elektron shahodatnoma ma’lumotlari e-shahodatnoma.uz axborot tizimi orqali olinadi;

 

— ta’lim yo‘nalishi, ta’lim tili hamda texnikumni tanlab, arizani yuborish.

 

11-sinf bitiruvchilari esa 641 ta texnikumdagi 276 ta kasb va mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha hujjat topshirishi mumkin. Ushbu bosqich uchun umumiy qabul kvotasi 134 570 ta boʻlib, shundan 61 298 tasi davlat granti asosidagi oʻrinlardir. Mazkur toifadagi abituriyentlardan hujjatlar 10-avgustdan 10-sentabrgacha qabul qilinadi.

 

Shuningdek, 14 ta Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumida 27 ta kasb va mutaxassislik boʻyicha qabul tashkil etiladi. Bu yerda umumiy kvota 1 760 ta boʻlib, shundan 1 640 tasi davlat granti hisoblanadi.

 

Maʼlumot uchun, 2026-yilda 9-sinf bitiruvchilarining 34 foizini texnikumlarga qamrab olish rejalashtirilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatning 2-bosqichiga qabul qilinadi.