Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi xususiy maktablardan birining 11-sinf oʻquvchisi muddatidan oldin talabalikni naqd qildi.
Shahrisabz tumanidagi maktablardan birining 11-sinf oʻquvchisi Qudratov Ozodbek tegishli barcha fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin maksimal 189 ballga ega boʻldi. U ingliz tili (C1), tarix (A+), ona tili (B+), matematika (B) va SAT (132) ball) sertifikatlarni qo’lga kiritgan.




Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, u 7 oy da ingliz tilini 0 dan oʻrganib, birinchi urinishda IELTS imtihonidan 7 ball olgan. Ushbu natijasiga maktabdagi ustozlarining bergan bilimlari va koʻrsatmalari muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
«Har fanning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Ayniqsa matematika fani ancha mehnat va vaqt talab etdi. Murakkab mavzulardan koʻnikma hosil qilish uchun koʻp bilim va tajriba kerak boʻladi. Ingliz tilida ham boshida qiyinchilik boʻlgan, lekin keyin moslashib, bilim toʻplab xatolar ustida ishladim va natijaga erishdim. Tarix va ona tili fanlaridan imtihonga tayyorgarlik boshqa fanlarga koʻra osonroq boʻldi. Hammasiga sababchi ustozlarning bergan toʻgʻri yoʻllanmasi edi», — deydi Ozodbek.
Oʻquvchining soʻzlariga koʻra, u barcha fanlardan sertifikatlarni bir urinishdayoq qoʻlga kiritgan. 10-11-sinf davomida sertifikat imtihonlariga kuchli tayyorgarlik koʻrgan va oldiga qoʻygan maqsadida erishdi.
“Dars qilishdan zerikkanimda onam menga ruhiy yordam bergan. Kechgacha dars qilib, charchab onamga: «shuncha dars qilishim kerakmi oʻzi, tengdoshlarim maza qilib dam olib yuribdi” deganimda onam: «unday dema oʻgʻlim, taslim boʻlma, bu yól mashaqqatli, lekin sen uni yengib oʻta olasan, hali mehnatlaring rohatini koʻrasan» , deb meni qoʻllab-quvvatlagan», — deydi Ozodbek.
Ozodbek sertifikat olish davomida vaqtincha óyin-kulgidan voz kechishga toʻgʻri kelgani, tengdoshlari turli bayramlarda yurgan vaqtida, ular bilan vaqt oʻtkaza olmagani tushkunlikka tushishga sabab boʻlganini eslab oʻtdi. Lekin bu qiyinchiliklardan keyin muvaffaqiyatli kelajak kelishini tushunib yetgani unga ancha kuch bergan.
Ozodbek imtihon yaqinlashganda xatolar ustida koʻproq ishlash, dangasalik qilmaslik, eng muhimi vaqtni toʻgʻri taqsimlay olish lozimligini taʼkidladi. Uningcha, shunday harakatlardan keyin barcha maqsadlarga kerakli miqdorda energiya va vaqt sarflab erishish mumkin.
«Hech bir muvaffaqiyat oson kelmaydi. Bu sertifikatlar ortida soatlab ustozlar mehnati, intizom, vaqt turibdi. Muhimi inson oʻziga ishonishi kerak va aniq maqsad qoʻyib maqsad sari dadil qadam tashlash kerak», — deydi 189 ball sohibi.

