Ta’lim kreditini my.gov.uz orqali qanday olish mumkin?

Ta’lim kreditini my.gov.uz orqali qanday olish mumkin?

Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar ta’lim krediti uchun my.gov.uz portali orqali onlayn ariza topshirishi mumkin. Ariza yuborish jarayonida kafil va birgalikda qarz oluvchi ma’lumotlari tasdiqlanadi, murojaatlar esa tijorat banklari tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

 

Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari ta’lim krediti uchun my.gov.uz portali orqali onlayn ariza topshirishi mumkin.

 

Buning uchun foydalanuvchi portalning ‘‘Ta’lim’’ bo‘limidagi tegishli xizmatni tanlab, ro‘yxatdagi tijorat banklaridan birini hamda bank joylashgan hududni belgilaydi.

 

Shundan so‘ng arizada birgalikda qarz oluvchi va kafilning ma’lumotlari kiritiladi. Tizim ularning my.gov.uz platformasidagi shaxsiy kabinetiga tasdiqlash uchun xabarnoma yuboradi. Xabarnomalar tasdiqlangach, ariza avtomatik ravishda tijorat bankiga yuboriladi.

 

Arizalar tegishli tijorat banki tomonidan 5 ish kunida ko’rib chiqiladi.

 

Ta’lim krediti kimlarga beriladi?

 

Ta’lim krediti kunduzgi ta’lim shaklida, bakalavr va magistratura bosqichida, davlat va nodavlat OTMlarida o‘qiyotgan talabalar hamda o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga beriladi. Bu imkoniyatdan o‘qishini ko‘chirgan talabalar ham foydalanishi mumkin.

 

Bu xizmatdan faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiydigan talaba va oʻquvchilar foydalanishlari mumkin.

 

Kredit qanday miqdorda ajratiladi?

 

1-bosqich talabalari uchun kontrakt to‘lovining 100 foizi miqdorida ta’lim krediti ajratiladi.

 

2-bosqich va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalarga esa GPA ko‘rsatkichiga qarab kredit beriladi:

 

— GPA 3 va undan yuqori bo‘lsa yoki talaba «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan bo‘lsa — kontrakt to‘lovining 100 foizi;

 

— GPA 3 dan past bo‘lsa — kontrakt to‘lovining 80 foizi miqdorida kredit ajratiladi, qolgan qismini talabaning o‘zi to‘laydi.

 

Kreditni qaytarish tartibi

 

Ta’lim kreditini o‘qish tamomlanganidan keyin 7 oy o‘tgach to‘lash boshlanadi. Kredit 7 yil davomida qaytariladi.

 

O‘g‘il bolalar uchun kredit foizi Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida belgilanadi. Qizlarga esa foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

 

Ta’lim krediti super-kontraktda o‘qiydiganlar, sirtqi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklidagi talabalarga berilmaydi. Shuningdek, xorijdagi Oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlar ham ta’lim kreditini ololmaydi.