29-iyun kuni ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-sinfiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Joriy yilda test sinovlarida 109 ming 560 nafar talabgor ishtirok etadi. Ayrim hududlarda talabgorlar soni ko‘pligi sababli imtihon manzillari o‘zgartirilgan.
Ertaga, 29-iyun kuni ixtisoslashtirilgan maktablarning 2026/2027-o‘quv yili uchun 5-sinfiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari ikki smenada tashkil etiladi.
Joriy yilda ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-sinfiga kirish uchun 109 560 nafar talabgor hujjat topshirgan.
Mazkur kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomalar arizachilarning ariza.piima.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga joylashtirilgan.
Hujjat topshirgan talabgorlardan ruxsatnomani ariza.piima.uz orqali yuklab olishi mumkin.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatida 5-sinf uchun hujjat topshirgan talabgor o‘quvchilar soni imtihon o‘tkaziladigan binolarning umumiy sig‘imidan oshib ketganligi sababli:
— Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlaridan hujjat topshirgan talabgorlar Urganch shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi binosida;
— Quva tumanidan hujjat topshirgan talabgorlar Andijon shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi binosida kirish imtihonlarini topshiradilar.
Maʼlumot uchun, mazkur talabgor o‘quvchilar hujjat topshirgan boshqa (Prezident, Jasorat, tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar) maktablarning imtihonlarini o‘z hududidagi belgilangan binolarda topshiradilar.
Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari yo‘nalishlar bo‘yicha bir bosqichda quyidagi fanlardan o‘tkaziladi.
5–7-sinflarga qabul uchun aniq fanlar yo‘nalishida test sinovlari quyidagi fanlardan o‘tkaziladi:
- Matematika – 30 ta topshiriq;
- Ingliz tili – 15 ta topshiriq.
Jami: 45 ta test topshirig‘i.
Talabgorlardan imtihon vaqtlarini oldindan diqqat bilan o‘rganib chiqishlari hamda imtihon kuni belgilangan vaqtdan kechikmasdan test sinovi o‘tkaziladigan hududga yetib kelishlari so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga tayyorlanayotgan o‘quvchilar uchun bepul diagnostik testlar sinovtest.uz platformasida mavjud. Mazkur platforma orqali o‘quvchilar kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishi va o‘z bilimlarini sinab ko‘rishi mumkin.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kirish imtihonlarini o‘tkazish grafigi bilan quyida tanishishingiz mumkin:

