Braziliya ta’lim vazirligi ingliz va ispan tillarini bepul o‘rganish uchun platforma ishga tushirdi

Braziliya ta’lim vazirligi ingliz va ispan tillarini bepul o‘rganish uchun platforma ishga tushirdi

Braziliya Ta’lim vazirligi ingliz va ispan tillarini bepul o‘rganishga mo‘ljallangan onlayn platformani ishga tushirdi. Bu haqda Toda Palavra nashri xabar berdi.

 

Braziliyada ingliz va ispan tillarini bepul o‘rganish platformasi ishga tushirildi. U foydalanuvchilarga interaktiv darslar, shaxsiy o‘quv rejasi va kurs yakunida sertifikat olish imkoniyatini taqdim etadi.

 

Platformadan veb-sayt yoki mobil ilova orqali foydalanish mumkin. Kurslar boshlang‘ich darajadan yuqori bosqichgacha bo‘lgan turli tayyorgarlik darajasidagi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

 

Mashg‘ulotlarni boshlash uchun foydalanuvchi hukumatning rasmiy portali orqali tizimga kirishi, o‘rganmoqchi bo‘lgan tilni tanlashi va bilim darajasini aniqlovchi testdan o‘tishi kerak. Shundan so‘ng unga interaktiv darslar hamda individual o‘quv rejasi taqdim etiladi.

 

Ta’lim dasturi 6 bosqichdan iborat. Foydalanuvchilar o‘z o‘qish jarayonini kuzatishi, har bir modul bo‘yicha bilimini sinab ko‘rishi, savollar berishi va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishi mumkin. Platformada 800 ga yaqin dars mavjud. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikat beriladi.

 

Mazkur platforma Braziliyada oliy ta’limni xalqaro darajaga olib chiqish hamda talabalar, professor-o‘qituvchilar va oliy ta’lim muassasalari xodimlarining xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ‘‘Chegaralarsiz tillar’’ davlat dasturi doirasida ishga tushirilgan.

 

Dastur, shuningdek, xorijliklarga portugal tilini o‘qitish hamda umumiy o‘rta ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan chet tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishni ham nazarda tutadi.