2026–2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavrlar dual ta’lim (1+5) shakli asosida tayyorlanadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Mazkur yo‘nalishda tahsil olish istagidagi, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida 3 yil pedagogik faoliyat olib borgan o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlar qabul jarayonlarida ishtirok etishlari mumkin.
Abituriyentlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Test topshirishda asosiy fanlar sifatida:
- birinchi fan — biologiya
- ikkinchi fan — ona tili va adabiyoti fanlari tanlanishi lozim.
Ma’lumot uchun, pedagog kadrlar oliy taʼlim tashkilotlari (dual taʼlim) bakalavriatiga amaldagi tartibga muvofiq oʻtkaziladigan test sinovlari asosida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026–2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishning birinchi bosqichi 25-iyunga qadar davom etadi.

