Texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida OTMga qabul qilish uchun ro‘yxatdan o‘tish 5-iyuldan boshlanadi: jarayonga oid muhim ma’lumotlar

Texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida OTMga qabul qilish uchun ro‘yxatdan o‘tish 5-iyuldan boshlanadi: jarayonga oid muhim ma’lumotlar

5-iyuldan texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida OTMga qabul qilish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi. Yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega bitiruvchilar kirish imtihonlarisiz o‘z mutaxassisligiga mos bakalavriat yo‘nalishlarining 2-bosqichida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatning 2-bosqichiga qabul qilinadi.

 

Mazkur tartib oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan texnikum bitiruvchilari o‘qishni 2-bosqichdan davom ettirishi mumkin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlangan. Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda aynan o‘z mutaxassisligiga mos yo‘nalishlarni tanlashi mumkin.

 

Kimlar ushbu imkoniyatdan foydalana oladi?

 

Nizomga asosan, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga butun oʻqish davrida oʻquv semestrlari yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)”, biroq oʻzlashtirish baholarining kamida 50 foizi “5 (aʼlo)” boʻlgan bitiruvchilar kiradi.

 

Tibbiyot yo‘nalishlarida esa bu ko‘rsatkich kamida 85 foizni tashkil etishi kerak.

 

Shuningdek, ushbu imtiyoz texnikumni tamomlagan kundan boshlab ikki yil davomida amal qiladi. Ikki yildan oshgan bitiruvchilar yoki belgilangan talablarga javob bermaydigan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga umumiy tartibda qabul qilinadi.

 

Hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?

 

Bitiruvchilar har yili 5-iyuldan 25-iyulga qadar my.edu.uz orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.

 

Buning uchun ular pasport yoki ID-karta nusxasi hamda texnikumni bitirganlik haqidagi diplom va uning ilovasini elektron tizimga yuklaydi.

 

Topshirilgan hujjatlar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 5-avgustga qadar ko‘rib chiqiladi va natijalar talabgorning shaxsiy kabineti orqali ma’lum qilinadi.

 

Suhbatda nimalar so‘raladi?

 

Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular boʻyicha bittadan jami toʻrtta savol beriladi:

 

  • mamlakatda oʻz sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish);
  • shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (oʻqishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, masʼuliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
  • tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi sohasidagi bilim va kasbiy koʻnikmalarning mavjudligi.

 

Jami toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.

 

Suhbat komissiyasi a’zolari qo‘ygan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball yoki undan yuqori bo‘lsa, abituriyent suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.

 

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar esa oliy ta’lim muassasasining tegishli bakalavriat yo‘nalishi 2-bosqichiga talabalikka tavsiya etiladi.

 

Qabul to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati OTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va ularga kontrakt shartnomalari taqdim etiladi.

 

Kontrakt to‘lovi belgilangan muddatlarda amalga oshirilgach, talaba OTM rektori buyrug‘i bilan rasman 2-bosqichga o‘qishga qabul qilinadi.