Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida faoliyat yurituvchi o‘qituvchiga 85 million so‘mdan ortiq ish haqi va kompensatsiya pullari undirib berildi.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, Narpay tumanida faoliyat yurituvchi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi G.M. oliy malaka toifasi uchun qonunchilikda belgilangan ustama va to‘lovlar hisoblanmayotganligi yuzasidan adliya organlariga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida pedagogning malaka toifasi tasdiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, unga tegishli ustama va boshqa to‘lovlar o‘z vaqtida hisoblanmagani natijasida ish haqi qarzdorligi yuzaga kelgani aniqlangan.
Shundan so‘ng Narpay tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘qituvchining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Sud da’voni qanoatlantirib, o‘qituvchi foydasiga jami 85 mln 275 ming 307 so‘m miqdoridagi ish haqi va kompensatsiya to‘lovlarini undirish haqida qaror chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, kasb kasalligiga chalingan oʻqituvchiga 337 mln soʻm mablagʻ undirib berilgani haqida xabar bergan edik.
