Maktabni bitirganlik haqidagi shahodatnomani onlayn va bepul yuklab olishlari mumkin. Elektron hujjatni e-shahodatnoma.uz hamda my.gov.uz platformalari orqali olish imkoniyati yaratilgan.
Xabaringiz bor, 2023-yildan boshlab maktabni tamomlagan bitiruvchilar o‘z shahodatnomalarini elektron shaklda bepul yuklab olish imkoniyatiga ega.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabariga ko‘ra, 2026-yilda respublikadagi 10 193 ta maktabning 11-sinfini 472 436 nafar, 9-sinfini esa 621 894 nafar o‘quvchi tamomlagan.
Elektron shahodatnomani e-shahodatnoma.uz hamda my.gov.uz platformalari orqali olish mumkin.
e-shahodatnoma.uz orqali shahodatnoma olish uchun foydalanuvchi saytga kirib, “Shahodatnomani olish” bo‘limini tanlaydi. So‘ralgan shaxsiy ma’lumotlarni kiritib, qidiruvni amalga oshirgandan so‘ng bitiruvchining F.I.Sh. va tamomlagan maktabi haqidagi ma’lumotlar aks etadi. Shundan keyin hujjatni elektron shaklda yuklab olish mumkin.
my.gov.uz portali orqali foydalanish uchun avvalo tizimda ro‘yxatdan o‘tish lozim. So‘ng “Ta’lim” bo‘limidan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma” xizmati tanlanadi va hujjatni yuklab olish imkoniyati taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, elektron shahodatnomani yuklab olish xizmati 2023-yildan keyin maktabni bitirgan fuqarolar uchun amal qiladi.
