Xorazmda Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali ochiladi

Xorazmda Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali ochiladi

Xorazm viloyatining Xiva shahrida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish bo‘yicha loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga ko‘ra, yangi oliy ta’lim muassasasida xalqaro standartlarga asoslangan pedagog kadrlar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.

 

Muhokamalar portaliga ‘‘Lyaoning pedagogika universitetining Xiva shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Xiva shahrida Lyaoning pedagogika universiteti filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Unda pedagogika yo‘nalishida xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlanadi.

 

Filialda bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi, keyinchalik esa doktorantura dasturlarini ham joriy etish ko‘zda tutilgan.

 

Ta’lim jarayoni Xitoy universitetining o‘quv rejalari va akademik standartlari asosida, O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim standartlari va malaka talablarini hisobga olgan holda tashkil etiladi.

 

O‘qitish jarayoni xitoy, ingliz yoki o‘zbek tillarida olib boriladi. Ta’lim shakllari esa kunduzgi va masofaviy formatlarda amalga oshiriladi.

 

Qaror loyihasida filialda ta’lim to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilishi belgilangan. To‘lov miqdori filial Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Shuningdek, filial talabalarini qo‘llab-quvvatlash uchun stipendiyalar ajratish ham nazarda tutilgan. Har yili kontrakt tushumining kamida 5 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

 

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

 

Xiva shahrida Lyaoning normal (pedagogika) universitetining filialida tayyorlanadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati

 

T/r Kod Ta’lim yo‘nalishi nomi Ta’lim tili
1. 60111400 Xalqaro xitoy tili ta’limi
(International Chinese Language Education)
Xitoy va o‘zbеk tillarida
2. 61011200 Turizm boshqaruvi
(Tourism Management)
Xitoy va o‘zbеk tillarida
3. 61010800 Xalqaro biznеs
(International Business)
Xitoy va o‘zbеk tillarida
4. 62010500 Sun’iy intеllеkt
(Artificial Intelligence)
Xitoy, o‘zbеk va ingliz tillarida
5. 70111400 Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish mеtodikasi
(Teaching Methodology of Chinese Language and Culture)
Xitoy va ingliz tillarida
6. 70110100 Ta’lim boshqaruvi
(Education Management)
Xitoy va o‘zbеk tillarida
7. 70610100 Sun’iy intеllеkt va ta’lim tеxnologiyalari
(AI and Educational Technology)
Xitoy va ingliz tillarida