OTM va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tganlar soni 216 ming nafardan oshdi

OTM va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tganlar soni 216 ming nafardan oshdi

2026–2027-o‘quv yili davlat oliy ta’lim muassasalari va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul uchun 216 582 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.

 

Joriy yil 16-iyun kuni soat 18:36 holatiga ko‘ra, davlat OTMlari va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tganlar soni 216 582 nafarga yetdi.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 770 nafarga yoki 19,8 foizga ko‘pdir. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu sanasida 180 812 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan edi.

 

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 123 479 nafari (57 foiz) joriy yil bitiruvchilari, 93 103 nafari (43 foiz) esa avvalgi yillarda maktabni tamomlagan abituriyentlar hisoblanadi.

 

Ma’lumot uchun, erkaklar soni 111 181 nafarni (51,3 foiz), ayollar esa 105 401 nafarni (48,7 foiz) tashkil etmoqda.

 

Ta’lim tili bo‘yicha eng katta ulush o‘zbek tiliga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, 192 451 nafar abituriyent (88,9 foiz) o‘zbek tilida, 20 433 nafar (9,4 foiz) rus tilida, 3 179 nafar (1,5 foiz) qoraqalpoq tilida hamda 519 nafar (0,2 foiz) boshqa tillarda ta’lim olishni tanlagan.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p abituriyent Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 40 034 nafarga yetgan. Keyingi o‘rinlarni Samarqand viloyati (24 048 nafar), Farg‘ona viloyati (20 768 nafar) va Andijon viloyati (20 446 nafar) egallagan.

 

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishning birinchi bosqichi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Agentlikning my.uzbmb.uz saytida orqali 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Avvalroq, 15-iyun soat 17:57 holatiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 182 443 nafarni tashkil etgandi.

 

Hududlar kesimida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni

Hudud Abituriyentlar soni
1 Toshkent shahri 40 034
2 Samarqand viloyati 24 048
3 Farg‘ona viloyati 20 768
4 Andijon viloyati 20 446
5 Qashqadaryo viloyati 16 632
6 Namangan viloyati 15 672
7 Xorazm viloyati 13 647
8 Surxondaryo viloyati 13 367
9 Navoiy viloyati 13 141
10 Jizzax viloyati 11 554
11 Buxoro viloyati 10 272
12 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 8 199
13 Sirdaryo viloyati 7 246
14 Nurafshon shahri 1 656