2026–2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonida onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 154 ming 819 nafarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 ming 708 nafarga yoki 16,3 foizga ko‘pdir.
Bilimni baholash agentligi ma’lum qilishicha, 15-iyun soat 6:40 holatiga ko‘ra davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul uchun jami 154 819 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 78 ming 505 nafari joriy yil bitiruvchilari bo‘lsa, 76 ming 314 nafari avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan talabgorlardir.
Jinslar kesimida erkaklar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 15-iyun soat 6:40 holatiga ko‘ra 84 ming 123 nafar erkak (54,3 foiz) va 70 ming 696 nafar ayol (45,7 foiz) onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Ta’lim tili bo‘yicha eng katta ulush o‘zbek tiliga to‘g‘ri keladi. Natijalar quyidagicha:
- O‘zbek tili — 137 059 nafar (88,5 foiz)
- Rus tili — 15 355 nafar (9,9 foiz)
- Qoraqalpoq tili — 2 093 nafar (1,4 foiz)
- Boshqa tillar — 312 nafar (0,2 foiz)
Hududlar kesimida eng ko‘p abituriyent Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning soni 31 ming 186 nafarni tashkil etmoqda. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (17 ming 152 nafar), Farg‘ona viloyati (14 ming 538 nafar), Andijon viloyati (14 ming 528 nafar) va Qashqadaryo viloyati (11 ming 433 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidan 10 ming 406 nafar, Navoiy viloyatidan 9 ming 515 nafar, Xorazm viloyatidan 9 ming 419 nafar, Surxondaryo viloyatidan 9 ming 200 nafar va Jizzax viloyatidan 8 ming nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Eng kam ko‘rsatkich Nurafshon shahri (Toshkent viloyati) hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu hududdan 1 ming 229 nafar abituriyent qabul uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, onlayn ro‘yxatdan o‘tish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 25-iyunga qadar davom etadi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha videoyo‘riqnoma bilan bu yerda tanishish mumkin.

