Samarqand viloyatining Payariq tumanida joylashgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi mazkur bog‘cha yonidagi maktab hududida suv havzasiga tushib ketishi oqibatida vafot etdi.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa 2026-yil 5-iyun kuni Payariq tumanidagi “Sarbazor” MFYda joylashgan xususiy bog‘cha yonidagi umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, 2023-yilda tug‘ilgan Payariq tumanidagi “Yulduzcha” nomli nodavlat bog‘cha tarbiyalanuvchisi R.M. muassasa yonidagi umumta’lim maktabi hududida favqulodda holatlarda foydalanish uchun qurilgan suv havzasiga tushib ketishi oqibatida vafot etgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatidagi bog‘chalardan birida ham 3 yoshli bola bog‘cha transportida unutib qoldirilishi oqibatida vafot etgani, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan edi.
