Namangandagi ikki texnikumda Avstriya universiteti bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlanadi

Namangandagi ikki texnikumda Avstriya universiteti bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlanadi

Namangan viloyatidagi ikki texnikumda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tizim “texnikum–oliygoh” modeli va “2+2” dasturi asosida amalga oshirilib, xizmat ko‘rsatish hamda turizm yo‘nalishlarini qamrab oladi. Shuningdek, bitiruvchilar GPA natijalari asosida oliy ta’limning 3-bosqichiga qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

 

2026-yil 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–220-sonli “2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli texnikum hamda Chortoq tumanidagi 1-sonli texnikumda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda xizmat ko‘rsatish va turizm sohasida Yevropa andozalari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Shuningdek, xalqaro mehmonxona boshqaruvi maktabi ham tashkil etiladi.

 

Ta’lim jarayoni Krems amaliy fanlar universiteti dasturlari asosida hamda Yevropadan jalb qilingan mutaxassislar ishtirokida “texnikum–oliygoh” tamoyili asosida tashkil etiladi.

 

Bundan tashqari, texnikumlar va universitet o‘rtasida “2+2” tizimi bo‘yicha o‘zaro integratsiyalashgan kasbiy va bakalavriat ta’lim dasturlari joriy etiladi.

 

Texnikumlarning ikki yillik kasbiy ta’lim dasturlarida o‘qish davlat granti asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga davlat namunasidagi kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi diplom beriladi.

 

Ikkinchi kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari (GPA) asosida Namangan davlat texnika universitetining mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 3-bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

 

Shuningdek, qaror bilan Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti hamda Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabining o‘quv dasturlarini o‘zaro integratsiya qilish belgilandi.

 

Bundan tashqari, Namangan davlat chet tillari institutida axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, pedagogika hamda ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

 

Avvalroq, Texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” dasturi uchun ssuda ajratilishi haqida xabar bergan edik.