“Bugungi qiyinchiliklar — ertangi g‘alabalar poydevori”: muddatidan oldin talaba bo‘lgan sariosiyolik bitiruvchi bilan suhbat

“Bugungi qiyinchiliklar — ertangi g‘alabalar poydevori”: muddatidan oldin talaba bo‘lgan sariosiyolik bitiruvchi bilan suhbat

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf bitiruvchisi Ochildiyeva Gulzoda Alisher qizi muddatidan oldin talaba bo‘lgan yoshlar safidan joy oldi.

 

U ingliz tilidan CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, matematikadan B+ hamda tarix fanidan B darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari muhim qadam tashladi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Bugun uning eng katta orzusi — O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olish va kelajakda xorijiy tillarni mukammal egallagan mutaxassis bo‘lish.

 

Ikki yil avval boshlangan orzu

 

Gulzoda uchun sertifikat olish g‘oyasi bundan 2 yil oldin paydo bo‘lgan. O‘sha paytda bu orzu uzoqdek tuyulgan bo‘lsa-da, u maqsad sari dadil harakat qilishni boshladi.

 

Maktabda yaxshi o‘qigani sabab tayyorgarlikning ayrim bosqichlari unchalik qiyin kechmagan. Ammo bu yo‘lda hech qanday qiyinchilik bo‘lmagan degani emas. Ayniqsa, matematika fani unga boshqalarga qaraganda ko‘proq mehnat talab qilgan.

 

Gulzoda ingliz tiliga 1,5 yil vaqt ajratgan. Ona tili va adabiyot faniga 7 oy, matematikaga 3 oy, tarixga esa 2 oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

 

Bu davrda u Sariosiyo tumanidagi o‘quv markazida tahsil olgan. Bundan tashqari, qo‘llanmalar, testlar va internetdagi video darslar uning kundalik mashg‘ulotlarining ajralmas qismiga aylangan.

 

Ammo u muvaffaqiyatning eng muhim siri yangi mavzularni o‘rganishda emas, balki o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlashda deb hisoblaydi.

 

Tayyorlanish vaqtida men xatolarimni qayta-qayta tahlil qilardim. Testlarda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarim ustida ishlash natijalarimni yaxshilashga yordam berdi. Savollar kutganimdek boʻlgan, — deydi Gulzoda.

 

Qiyinchiliklar ortidan kelgan natija

 

Bir vaqtning o‘zida maktabdagi darslarni ham, sertifikatlarga tayyorgarlikni ham olib borish oson bo‘lmagan.

 

Ertaroq turish, kechroq uxlash, vaqt bilan kurashish odatiy holga aylangan.

 

Bir vaqtda maktabdagi darslarni qilish va sertifikatga tayyorlanish ancha qiyin boʻlgan. Ertaroq turib kechroq uxlashga toʻgʻri kelgan, uyqu rejimim buzilgan, “Bugungi qiyinchiliklar — ertangi g‘alabalar va muvaffaqiyatlar poydevori” shiori ostida davom etganman.

 

Ana shu fikr unga oldinga yurish uchun kuch bergan.

 

Har qanday muvaffaqiyat ortida insonni qo‘llab-quvvatlaydigan yaqinlari bo‘ladi. Ushbu abituriyentning ham ba’zan o‘ziga bo‘lgan ishonchi susaygan paytlari bo‘lgan. Ayrim kunlari qisqa muddatli tayyorgarlik natija berishiga shubha qilgan.

 

Shunday paytlarda ota-onasi va ustozlarining ishonchi unga yangi kuch bag‘ishlagan.

 

Psixologik tayyorgarlik ham muhim

 

Gulzoda imtihonlarda faqat bilimning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, psixologik tayyorgarlik ham muvaffaqiyatning muhim qismidir.

 

 Inson avvalo o‘ziga ishonishi kerak. Test ishlayotganda savollarni diqqat bilan o‘qish, noto‘g‘ri variantlarni chiqarib tashlash va shoshilmaslik kerak.

 

Uning fikricha, telefon bilan chalg‘ish insonning qanday foydalanishiga bog‘liq.

 

O‘qishni maqsad qilgan inson bunday narsalarga chalg‘imaydi. Men telefon orqali kerakli ma’lumotlarni topardim, video darslar ko‘rardim. Ayniqsa, ingliz tilida tinglab tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishda telefon menga juda katta yordam berdi, — deydi u.

 

Endi navbat IELTS’ga

 

Bugungi sertifikatlar Gulzoda uchun yakun emas. Aksincha, ular yangi maqsadlar sari yo‘l ochib berdi. Hozirda u IELTS xalqaro sertifikatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Kelajakda ingliz tilida ravon so‘zlashni, xorijliklar bilan erkin muloqot qilishni va chet el universitetlarida tahsil olishni maqsad qilgan.

 

Gulzodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, IELTS 7.0, TRKI-III (C1) va bir nechta milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.