Tadqiqotlarga ko‘ra, Polsha poytaxti Varshava aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ommaviy kutubxonalar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, kutubxonalar bugungi kunda nafaqat bilim manbai, balki ta’lim, madaniyat va ijtimoiy muloqotni rivojlantiruvchi muhim jamoat markazi vazifasini ham bajarmoqda.
Jahon shaharlari madaniyat forumi eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, aholi soniga nisbatan eng koʻp ommaviy kutubxonaga ega shaharlar orasida Polsha poytaxti Varshava yetakchilik qilmoqda. Bu haqda “Naked science” nashri xabar berdi.
Unga koʻra, shaharda har 100 ming nafar aholiga qariyb 12 ta kutubxona toʻgʻri keladi.
Tadqiqot natijalari kutubxonalar bugungi kunda faqat kitob fondlarini saqlovchi maskan emas, balki taʼlim, madaniyat va ijtimoiy muloqotni rivojlantiruvchi muhim markazlar ekanini koʻrsatdi. Ayrim shaharlar esa fuqarolarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish va madaniy hayotini boyitish borasida alohida natijalarga erishgan.
Varshavaning reytingda yuqori oʻrinni egallashiga Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda taʼlim va madaniyat infratuzilmasini tiklashga qaratilgan siyosat sabab boʻlgani taʼkidlanadi. Oʻsha yillarda kutubxonalar jamiyatni qayta tiklashning muhim omillaridan biri sifatida qaralgan. Natijada shakllangan keng kutubxona tarmogʻi bugungi kunda ham aholining savodxonligini oshirish, uzluksiz taʼlimni qoʻllab-quvvatlash va madaniy merosni saqlashga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda Varshava kutubxonalari kitob oʻqish bilan cheklanib qolmay, turli madaniy tadbirlar, uchrashuvlar va taʼlim dasturlari oʻtkaziladigan jamoat maskanlariga aylangan.
Reytingda qayd etilgan yana bir shahar — Seulda ham kutubxonalar madaniy hayotning muhim qismiga aylangan. 2023-yilda ularga 22 milliondan ortiq tashrif qayd etilgan. Bu maskanlarda kitobxonlik klublari, maʼruzalar, ijodiy mashgʻulotlar va turli taʼlim loyihalari muntazam tashkil etiladi.
Seul kutubxonalari barcha yoshdagi aholi uchun moʻljallangan xizmatlarni taklif etadi. Ular orasida raqamli savodxonlik kurslari, bolalar uchun mutolaa dasturlari va boshqa taʼlim tashabbuslari mavjud. Mutaxassislar bu tajribani kutubxonalarning zamonaviy texnologiyalar davriga muvaffaqiyatli moslashganining yorqin namunasi sifatida baholamoqda.
Bryussel esa kutubxona tizimi orqali Belgiyaning koʻp tilli va koʻp madaniyatli muhitini aks ettiradi. Shaharda fransuz va niderland tillarida faoliyat yurituvchi kutubxona tarmoqlari mavjud boʻlib, ular turli madaniyat va qarashlarni birlashtiruvchi maydon vazifasini bajaradi.
Kutubxona foydalanuvchilari bir nechta tildagi adabiyotlar va axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, muassasalarda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalar ham amalga oshiriladi.
Tahlil mualliflari taʼkidlashicha, raqamli texnologiyalar keng tarqalishiga qaramay, ommaviy kutubxonalar oʻz ahamiyatini saqlab qolmoqda. Ular axborotga teng kirish imkoniyatini yaratish, madaniy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash va jamiyatdagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashda muhim rol oʻynashda davom etmoqda.
