Farg‘ona viloyati Buvayda tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 9-sinf o‘quvchisi Abdumannofov Ibrohimjon Mahmudjon o‘g‘li milliy va xalqaro sertifikatlardan yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, oliy ta’lim muassasasiga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Xususan, u matematika fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, tarix fanidan B hamda ingliz tilidan CEFR B2 darajasini qo‘lga kiritib, jami 189 ball to‘pladi.
Yosh bo‘lishiga qaramay, Ibrohimjonning maqsadlari aniq. U kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiyot va menejment yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Sertifikat olish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
O‘quvchining aytishicha, sertifikat olish maqsadi unda 8-sinfning ikkinchi choragi oxirlarida paydo bo‘lgan.
O‘sha paytda oldimga aniq maqsad qo‘ydim. Asosiy fanim matematika bo‘lgani uchun aynan shu fandan biroz qiyinchiliklarga duch kelganman. Lekin bu meni to‘xtatib qolmadi, aksincha, yanada ko‘proq ishlashga undadi.
Uning asosiy maqsadi esa xorijda tahsil olish. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini esa o‘zi ta’kidlaganidek, “B reja” sifatida ko‘radi. Shuningdek, sertifikatlar orqali vaqtni yutish va tengdoshlaridan oldinroq maqsadlariga erishishni muhim ustunlik deb hisoblaydi.
Ibrohimjon fanlar bo‘yicha tayyorgarlikka turlicha vaqt sarflagan:
Matematika — 10 oy;
Ingliz tili — 8 oy;
Ona tili va adabiyot — 1 oy;
Tarix — 1 oy.
Uning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatga erishishda ota-onasi va ustozlarining hissasi beqiyos bo‘lgan.
Birinchi navbatda ota-onam meni doimo qo‘llab-quvvatlab kelishdi, ular mening asosiy motivatorlarim. Ustozlarim esa menga katta yordam berishdi. Ular har kuni men bilan ishlashdi, kuchli va zaif tomonlarimni tahlil qilib, kerakli tavsiyalar berishdi. Bu natijalarda ularning hissasi juda katta, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayonida u Telegram orqali testlar, qo‘llanmalar va boshqa o‘quv materiallaridan ham faol foydalangan.
Muvaffaqiyat siri — xatolar ustida ishlash
Eng samarali usul — xatolar ustida ishlash. Testlarni qayta-qayta yechish, zaif tomonlarni aniqlash va aynan o‘sha joylarni mustahkamlash kerak. Natija aynan shu jarayonda keladi, — deydi u.
Uning fikricha, imtihonlar faqat bilimni emas, balki tezkor fikrlash, vaqtni boshqarish va stressga bardoshlilikni ham sinovdan o‘tkazadi.
“Motivatsiya emas, tartib ishlaydi”
Maktabda o‘qiyotgan vaqtda sertifikatlarga tayyorgarlik ko‘rish oson emas. Har ikkalasidan ham uyga vazifalarni bajarish kerak, darsdan keyin qo‘shimcha darsga borish kerak. Natijada ko‘p harakat va kam dam olish bilan inson charchaydi. Shu sababdan o‘quvchi uchun bu jarayon davomida asosiy omil motivatsiya emasligini ta’kidladi.
Vaqt taqsimoti masalasi — bu yerda motivatsiya emas, tartib ishlaydi. Men har kuni reja tuzardim. Maktab va tayyorgarlik uchun alohida vaqt ajratardim. “Ulguraman” deb emas, majburan rejaga amal qilardim, — deydi u.
Uning aytishicha, muvaffaqiyatning katta qismi intizom va muntazamlik bilan bog‘liq.
Uyquni qurbon qilish muvaffaqiyat kaliti emas
Bugungi kunda ko‘plab yoshlar ko‘proq o‘qish uchun uyqudan voz kechishga harakat qilishadi. Ibrohimjon esa bunga qarshi.
Ko‘pchilik kam uxlab ko‘p o‘qishga harakat qiladi. Men esa uyqu buzilsa, natija ham tushishini tushundim. Shu sababli kuniga kamida 6–7 soat uxlashga harakat qilardim.
Sertifikatga tayyorlanish vaqtida tushkunlik va qo‘rquv holatlari bo‘lgan, ammo u buni normal holat deb qabul qiladi.
Qo‘rquv bo‘lgan. Bu normal holat. Farqi shundaki, kimdir qo‘rquv sabab to‘xtaydi, kimdir esa davom etadi. Men tanaffus olib, keyin yana ishlashda davom etardim. Psixologik tayyorgarlik kamida bilimchalik muhim.
Telefon — muammo emas
Zamonaviy yoshlarning asosiy chalg‘ituvchi omillaridan biri — telefon va ijtimoiy tarmoqlar hisoblanadi. Biroq Ibrohimjon bunga boshqacha qaraydi.
Telefonning o‘zi muammo emas. Muammo — nazoratning yo‘qligi. O‘qish vaqtida telefonni o‘chirib qo‘yardim, ijtimoiy tarmoqlar uchun esa limit qo‘yganman. Agar o‘zingni boshqara olmasangiz, telefon sizni boshqaradi, — deydi u.
Shu bilan birga, yuqori natijalarga erishgan o‘quvchi tengdoshlariga bir nechta muhim tavsiyalarni berdi:
-
tayyorgarlikni imkon qadar erta boshlang;
-
rejasiz o‘qimang;
-
natijani emas, jarayonni nazorat qiling;
-
boshqalar bilan emas, o‘zingiz bilan raqobat qiling;
-
“Bitta sertifikat — bu oxiri emas, boshlanishi”.
Bugun Ibrohimjon qo‘lga kiritgan natijalari bilan to‘xtab qolishni istamaydi. U allaqachon yangi maqsadlar sari harakatni boshlagan.
Hozir yangi maqsadlar ustida ishlayapman: oliygoh, xorijiy tillar va yangi ko‘nikmalar. Chunki bitta sertifikat — bu oxiri emas, boshlanishi, — deydi u.
Ibrohimjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS 7.0, TRKI-III (C1) va bir nechta milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
