Milliy sertifikat natijalari kechiksa, abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishga ulgurmay qoladimi? Apellyatsiya berganlar nima qiladi?

Milliy sertifikat natijalari kechiksa, abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishga ulgurmay qoladimi? Apellyatsiya berganlar nima qiladi?

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, milliy sertifikat natijalari 23-iyunga qadar e’lon qilinadi. Natijalardan norozi bo‘lib apellyatsiya bergan abituriyentlarning yangilangan ballari OTMlarga ro‘yxatdan o‘tish muddati tugaganidan keyin ham qabul tizimida hisobga olinadi.

 

Xabar berganimizdek, ona (oʻzbek, qoraqalpoq, rus) tili va adabiyot fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 25-, 26-, 27-aprel hamda 2-, 3-, 4-, 11-, 12,-13- va 25-may kunlari oʻtkazildi.

 

Davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari 5-iyundan boshlangani sababli koʻplab abituriyentlar tomonidan “Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat natijalari qachon eʼlon qilinadi, natijalari kechiksa, roʻyxatdan oʻtishga ulgurmay qolamizmi va natijadan norozi boʻlib apellyatsiyaga murojaat qilgan abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishga qanday ulguradi?” qabilida savollar kelib tushmoqda.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligining maʼlumot berishicha, milliy sertifikat natijalari 23-iyunga qadar eʼlon qilinadi. Agar abituriyent natijadan norozi boʻlib apellyatsiya bersa va apellyatsiya jarayoni yakunlangunga qadar OTMlarga roʻyxatdan oʻtish muddati tugab qolsa ham, xavotirga oʻrin yoʻq.

 

Apellyatsiya natijasida sertifikat bali oʻzgargan taqdirda, bu maʼlumot qabul tizimida avtomatik ravishda yangilanadi. Hatto roʻyxatdan oʻtish muddati yakunlangan boʻlsa ham, yangilangan natija bazada hisobga olinadi.

 

Demak, apellyatsiya sababli yoki natijalar kechroq eʼlon qilingani tufayli sertifikat ballaringiz yoʻqolib qolmaydi va qabul jarayonida inobatga olinadi.

 

Avvalroq, mutaxassislik fani uchun sertifikatdan foydalanishni rad etgan abituriyent majburiy fandan test topshirmasligi haqida xabar bergan edik.