O‘rta maxsus ma’lumotli maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun dual ta’lim shaklidagi bakalavriat dasturiga hujjatlar qabuli 5-iyundan boshlangan. Talabgorlar 25-iyunga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajribalarga mos ravishda tegishli bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylangan edi.
Unga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida uch yil faoliyat yuritgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar dual ta’lim shaklida maktabgacha taʼlim yoʻnalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur ta’lim shakliga hujjatlar 5-iyundan 25-iyunga qadar qabul qilinadi. Talabgorlar my.uzbmb.uz hamda my.gov.uz platformalari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida talabgorlar fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi uchun amaldagi fanlar majmuasi biologiya hamda ona tili va adabiyoti fanlaridan iborat. Ta’lim yo‘nalishi esa test sinovlari yakunlangach tanlanadi.
Dual ta’lim shaklida o‘qish haftasiga bir kun pedagogika oliy ta’lim muassasasida, besh kun esa maktabgacha ta’lim tashkilotida olib boriladi.
Shuningdek, dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash 15 ta pedagogika oliy ta’lim muassasasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
| T/r | Oliy ta’lim tashkiloti nomi | Joylashgan hudud |
|---|---|---|
| 1 | O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti | Toshkent shahri |
| 2 | Nukus davlat pedagogika instituti | Qoraqalpog‘iston Respublikasi |
| 3 | Andijon davlat pedagogika instituti | Andijon viloyati |
| 4 | Buxoro davlat pedagogika instituti | Buxoro viloyati |
| 5 | Jizzax davlat pedagogika universiteti | Jizzax viloyati |
| 6 | Shahrisabz davlat pedagogika instituti | Qashqadaryo viloyati |
| 7 | Namangan davlat pedagogika instituti | Namangan viloyati |
| 8 | Navoiy davlat universiteti | Navoiy viloyati |
| 9 | Samarqand davlat pedagogika instituti | Samarqand viloyati |
| 10 | Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti | Samarqand viloyati |
| 11 | Guliston davlat pedagogika instituti | Sirdaryo viloyati |
| 12 | Termiz davlat pedagogika instituti | Surxondaryo viloyati |
| 13 | Chirchiq davlat pedagogika universiteti | Toshkent viloyati |
| 14 | Urganch davlat pedagogika instituti | Xorazm viloyati |
| 15 | Qo‘qon davlat universiteti | Farg‘ona viloyati |
