Avtobuslarda yoʻl haqi toʻlamaganlarning 70 foizini talabalar tashkil etdi — “Toshshahartransxizmat”

Avtobuslarda yoʻl haqi toʻlamaganlarning 70 foizini talabalar tashkil etdi — “Toshshahartransxizmat”

2026-yilning 4 oyida Toshkent avtobuslarida yoʻl haqini toʻlamagan 50 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortilgan boʻlib, ularning 70 foizini talabalar tashkil etgan. “Toshshahartransxizmat” ning maʼlum qilishicha, chiptasiz yoʻlovchilarni sunʼiy intellekt yordamida nazorat qilish rejalashtirilgan.

 

14-may kuni “Toshshahartransxizmat” AJda oʻtkazilgan matbuot anjumanida 2026-yilning 4 oyida Toshkent avtobuslarida yoʻl haqini toʻlamagan 50 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortilgani haqida maʼlumot berildi. Keltirilishicha, ushbu yoʻlovchilarning 70 foizini talabalar tashkil etadi.

 

“Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” Davlat muassasasi rahbari Muhammadjon Qahorovning taʼkidlashicha, 57 nafar nazoratchilar guruhi vakili har kuni Toshkentda turli yoʻnalishlardagi avtobuslar va bekatlarda yoʻl haqi toʻlanishi yuzasidan reydlar olib bormoqda.

 

«2025-yilda chiptasiz yurgan yoʻlovchilar 22 500 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan 4 oyida bu raqamlar 50 mingdan oshdi. Tahlillarga koʻra, avtobuslarda yoʻl haqini toʻlamaganlarning 90 foizdan ziyodini 16−30 yoshdagi fuqarolar tashkil qilyapti. Ularning 70 foizi esa talabalardan iborat. Mazkur masala boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga xat bilan murojaat qildik. May oyidan oliy taʼlim muassasalariga borib, talabalar oʻrtasida profilaktik ishlar olib boryapmiz», — deydi u.

“Toshshahartransxizmat” AJ Boshqaruv raisining raqamlashtirish va sunʼiy intellekt joriy etish boʻyicha maslahatchisi Shohruz Xodjiyevning aytishicha, chiptasiz yurgan yoʻlovchilarni aniqlashda sunʼiy intellektdan foydalanish reja qilingan.

 

 

“Transport vazirligi tizimidagi Raqamli transport markazi tomonidan uch-toʻrt oy davomida yoʻlovchilarning avtobuslarda yoʻl haqini toʻlamaganini sunʼiy intellekt yordamida nazorat qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Mazkur yechimni joriy qilish oson ish emas. Chunki dunyo tajribasida bunday yechim rivojlanmagan ekan, yaʼni aynan sunʼiy intellekt orqali yoʻl haqini toʻlamagan odamlarni identifikatsiya qilish masalasi hali u darajaga yetmaganki, biz biror mamlakat tajribasini shunday olib, Oʻzbekistonga joriy qilsak. Shu sababli oʻzimizning modelni ishlab chiqishimizga toʻgʻri keldi”, — deydi Shohruz Xodjiyev.