Qo’shimcha dam olish kunlari hisobiga pedagoglarning oylik maoshlari kamayadimi?

Qo’shimcha dam olish kunlari hisobiga pedagoglarning oylik maoshlari kamayadimi?

Joriy yilda Qurbon hayiti 27-may kuniga toʻgʻri kelmoqda va Prezident farmonida barcha uchun 2 kun (payshanba-juma) qoʻshimcha dam olish kuni va yana 6 kunliklar uchun esa shanba ham dam olish kuni, deb eʼlon qilingan.

 

Natijada ish haftasi turidan qatʼi nazar hamma ketma-ket 5 kun dam oladi:

 

27-may, chorshanba – Qurbon hayiti;

28-may, payshanba – barcha uchun qoʻshimcha dam olish kuni;

29-may, juma – barcha uchun qoʻshimcha dam olish kuni;

30-may, shanba – haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun qoʻshimcha dam olish kuni;

31-may, yakshanba – barcha uchun odatiy dam olish kuni.

 

Qoʻshimcha dam olish kunlari sababli pedagoglarning oyliklari kamayishi mumkin?

 

Shu kabi savollarga mehnat huquqi boʻyicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonovich oʻzining telegramdagi sahifasida quyidagicha javob berdi:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 24.12.2025-yildagi PF-257-son “2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Qurbon hayiti munosabati bilan xodimlar ketma-ket 5 kun dam olishlari mumkin. 1-iyun dushanbadan barcha xodimlarga ish kuni.

 

Mehnat Kodeksining 249-moddasi 4-qismiga koʻra, xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga koʻra haq toʻlanadi.

 

Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimida qoʻshimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamaymaydi. Masalan, shifokor yoki oʻqituvchi 1 oy davomida 22 ish kuni ishlaydimi yoki 20 ish kuni ishlaydimi oylik ish haqi kamaymaydi.

 

Mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida esa qoʻshimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamayishi mumkin. Chunki bunda xodimlarga ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda haq toʻlanadi. Ishbay tizimda ishlab chiqarilgan mahsulot birliklari soniga yoki bajarilgan ish hajmiga, ularning sifati, ishlab chiqarilgan mahsulotning yaroqli yoki yaroqsizligiga qarab haq toʻlanadi!

 

Mehnat Kodeksining 277-moddasiga koʻra, mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq toʻlash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.

 

Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq boʻlgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq boʻlgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga koʻpaytirish yoʻli bilan ham aniqlanishi mumkin.

 

Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq toʻlashning razryadiga muvofiq boʻlgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.

 

Masalan, savdo sohasida ish haqi savdo hajmiga yoki xizmat koʻrsatilayotgan mijozlar soniga bogʻliq boʻladi, hamda sotuvchilar uchun mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimidan foydalaniladi. Ushbu toʻlov tizimi ijodiy kasbdagi ishchilar — jurnalistlar, muharrirlar, yozuvchilar va boshqalar uchun ham keng qoʻllaniladi. Ularning ish haqi yaratilgan mahsulot miqdoriga bogʻliq boʻladi.