Oʻzbekistonda oilalarning baxtlilik darajasi boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, mamlakatdagi oilalarning umumiy baxtlilik indeksi “yuqori” darajada baholandi. Soʻrovnomada respublika boʻylab 12 mingdan ortiq respondent ishtirok etgan.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2026-yilning mart–aprel oylarida Oʻzbekiston boʻylab oilalarning baxtlilik darajasini oʻrganishga qaratilgan sotsiologik soʻrov oʻtkazildi. Tadqiqotda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan jami 12 ming 697 nafar respondent ishtirok etgan.
Tadqiqot davomida oilalarning iqtisodiy farovonligi, demografik barqarorligi, sogʻlom hayot kechirish davomiyligi, taʼlim olish imkoniyatlari, ish bilan taʼminlanganlik darajasi, oilaviy hayotdan qoniqish, oilaviy qadriyatlarning ahamiyati hamda davlat xizmatlaridan qoniqish darajasi oʻrganilgan.
Natijalarga koʻra, 2026-yilda Oʻzbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi. Baholash mezonlariga muvofiq, mazkur koʻrsatkich oilalarning baxtlilik darajasi “yuqori” ekanini anglatadi.

Qayd etilishicha, ushbu indikator soʻnggi yillarda barqaror oʻsish dinamikasini namoyon etgan. Xususan, oilalarning baxtlilik indeksi 2023-yilda 0,560 ballni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 0,611 ballga, 2026-yilda esa 0,618 ballni tashkil etgan.
Shuningdek, taʼlim olish imkoniyati indikatori ham izchil oʻsib bormoqda. Mazkur koʻrsatkich 2023-yildagi 0,399 balldan 2026-yilda 0,522 ballga yetgan.
Tadqiqot natijalarida oilaviy qadriyatlarning oʻrni va ahamiyati yuqori darajada saqlanib qolayotgani, oilaviy hayotdan qoniqish darajasi ham yildan yilga oshib borayotgani qayd etilgan.

Eslatib oʻtamiz, 2026-yilgi Jahonning eng baxtli davlatlari hisoboti eʼlon qilingan edi. Hisobotga koʻra, Oʻzbekiston bu yil global reytingda 53-oʻrinni egallagan. Mutaxassislar mamlakat aholisi hayotdan qoniqish darajasini 10 ballik tizimda 6,283 ball bilan baholagan.
