Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani 64-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi To‘lqin Nazarov o‘z o‘quvchisiga velosiped sovg‘a qildi. Bu haqda ‘‘Bu kun’’ informatsion dasturi xabar berdi.
Qayd etilishicha, u 2025/2026-o‘quv yili boshida milliy sertifikat imtihonida eng yuqori natija qayd etgan o‘quvchiga shaxsiy mablag‘i hisobidan velosiped olib berishini va’da qilgan. Mazkur va’dasini esa maktabda o‘tkazilgan “Ochiq darslar” festivalida amalga oshirgan.
Eng yuqori natijani ko‘rsatgan o‘quvchi — Azizbek Isratillayev 98 foizlik B+ darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi va sovg‘a bilan taqdirlandi.
25 yoshli o‘qituvchi To‘lqin Nazarov ushbu maktabda 4 yildan buyon matematika fanidan dars berib kelmoqda. U darslarni interfaol usullarda tashkil etishi, murakkab mavzularni sodda va tushunarli tarzda izohlashi, shuningdek, turli o‘yinlar orqali o‘quvchilarni jalb etishi bilan ajralib turadi.
“Joriy o‘quv yilida matematikadan eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchimga velosiped sovg‘a qilaman deb va’da bergan edim. O‘quvchim yuqori natijani qo‘lga kiritgani uchun va’damni bajardim. Bu esa o‘quvchilar orasida sog‘lom raqobatni rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deydi o‘qituvchi.
Avvalroq, samarqandlik yigit ustoziga “BYD” avtomashinasini sovg‘a qilgani haqida xabar berilgan edi.
