Navoiyda maktab oʻquvchilari boshqaruvidagi avtomobil YTHga uchradi, ulardan biri vafot etdi

Navoiyda maktab oʻquvchilari boshqaruvidagi avtomobil YTHga uchradi, ulardan biri vafot etdi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida maktab o‘quvchilari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa oqibatida bir nafar o‘quvchi vafot etgan, yana bir nafari esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

 

Navoiy viloyati IIB YHXB axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 22-aprel kuni soat 21:00 lar atrofida tumanning Malik mahallasi hududida sodir bo‘lgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ichida umumta’lim maktabining ikki nafar o‘quvchisi bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketgan.

 

Hodisa oqibatida 9-sinf o‘quvchisi I.H. shifoxonada vafot etgan, 11-sinf o‘quvchisi esa tan jarohati olib, tibbiy muassasaga yotqizilgan.

 

Aniqlik kiritilishicha, mashina shifoxonadagi oʻquvchining otasiga tegishli boʻlgan. Biroq u rulni sherigiga berganini aytmoqda. Mashinani kim boshqarganini aniqlash uchun ekspertiza tayinlanishi mumkin.

 

Avvalroq, Toshkentda “Damas” avtomobil haydovchisi 4-sinf oʻquvchisini urib yuborganligi haqida xabar bergan edik.