O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan Samarqand shahar hokimiga maktabgacha va umumta’lim muassasalari holati yuzasidan rasmiy deputatlik so‘rovi kiritildi. Unda ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari va islohotlar ijrosi holati bo‘yicha ma’lumot so‘ralgan. Bu haqda O‘zLiDePning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrida 84 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularning quvvati 75 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Biroq amalda 109 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bu esa ta’lim muassasalari 1,5 barobar ortiq yuklama bilan ishlayotganini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimida 3–7 yoshli bolalar qamrovi 79,5 foizni tashkil etmoqda. Ammo yangi turar-joy massivlarida ta’lim muassasalari soni aholi o‘sishiga mutanosib emasligi, bu esa qo‘shimcha infratuzilmaga ehtiyojni kuchaytirayotgani qayd etilgan.
Deputatlar tomonidan ta’lim sifatini oshirish, sinflardagi ortiqcha zichlikni kamaytirish, yangi maktab va bog‘chalar qurish, shuningdek ta’mirtalab muassasalarni kapital ta’mirlash bo‘yicha aniq savollar hamda takliflar ilgari surilgan. Har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlab o‘tilgan.
So‘rovda Samarqand shahar hokimligidan yangi qurilish rejalari, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar va ta’lim infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralgan.

