Prezidentning 2026-yil 21-apreldagi “Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 150-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan Respublika musiqa va sanʼat texnikumi hamda Respublika estrada va sirk texnikumida:
– 2 yillik boshlangʻich kasbiy taʼlim, 6 oydan ikki yilgacha boʻlgan muddatda oʻrta kasbiy taʼlim hamda kamida 2 yillik oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari asosida oʻqitish tizimi joriy etiladi;
– bakalavriat taʼlim dasturlari bilan integratsiyalashtirilgan “2+2” dasturlari asosida oʻqitishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2026/2027 oʻquv yilidan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablarida:
– oʻquvchilar musiqa yoʻnalishida 5-sinfdan hamda raqs, teatr, xalq ijodiyoti, tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishlarida 9-sinfdan boshlab qabul qilinadi;
– maktab-internatlar uchun belgilangan amaldagi normalar tatbiq etiladi, jumladan, maktab oʻquvchilarining taʼlim olish va yashash xarajatlari toʻliq Davlat byudjeti hisobidan, ularni ovqatlantirish xarajatlari Davlat byudjeti hamda ota-onalar toʻlovi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
– Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning bitiruvchilariga bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻqituvchilik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi beriladi.
2026-yil 1-iyuldan tajriba tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasi (investitsiya loyihasi) amalga oshiriladi.
Avvalroq, yosh ijodkorlar uchun BHMning 200 baravarida pul to‘lanadigan Prezident mukofoti joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
