Endi xususiy o‘quv markazlarning eng yaxshi o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘taydi

Endi xususiy o‘quv markazlarning eng yaxshi o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘taydi

Prezidentning yangi farmoni bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, xususiy o‘quv markazlarida yuqori natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar xorijiy ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuboriladi, olis va chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan hamda faoliyatini kengaytirayotgan nodavlat qo‘shimcha ta’lim subyektlariga esa foizsiz ssudalar ajratiladi.

 

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident Farmoni (PF–66-son, 20.04.2026-y.) qabul qilindi.

 

Farmon bilan 2026–2030-yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda uning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

 

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-iyulgacha nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlarning yuqori natijalarga erishgan oʻqituvchilari xorijiy ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuboriladi.

 

Olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish uchun foizsiz qarz (ssuda) ajratilgan va faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlgan subyektlarga BHMning 730 baravarigacha miqdorda foizsiz qarz (ssuda) ajratib boriladi.

 

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yoʻlga qoʻyiladi:

 

—Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi;

 

— quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:

 

  • ariza beruvchi hamda uning turmush oʻrtogʻi 30 yoshdan oshmagan boʻlishi;
  • ariza beruvchi hamda uning turmush oʻrtogʻi nomida soʻnggi 3-yilda mulk huquqi asosida koʻchmas mulk mavjud emasligi.

 

Shuningdek, oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega pedagoglarga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyaga arizalar qabuli davom etmoqda.