Ijtimoiy faol yoshlarga davlat tashkilotlarida amaliyot oʻtagani uchun haq toʻlash tizimi joriy etilishi mumkin

Ijtimoiy faol yoshlarga davlat tashkilotlarida amaliyot oʻtagani uchun haq toʻlash tizimi joriy etilishi mumkin

20-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Ushbu loyihada yoshlar siyosatiga doir bir qancha masalalar taqdimot qilindi. Jumladan, olis va chekka hududlarda oʻquv markazlarini tashkil etishga 300 million soʻmgacha ssuda ajratish,  ular uchun ijtimoiy soliqni va oʻqituvchilarining daromad soligʻini 1 foiz etib belgilash taklifi ilgari surildi.

 

Shuningdek, ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamgʻarmasidan 100 million soʻmgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilgʻor ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar koʻchalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, strategiyani 2026-2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi.

 

Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni oʻqitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.