Agrar universitetida 3 yillik bakalavriat ta’lim tizimi joriy etiladi

Agrar universitetida 3 yillik bakalavriat ta’lim tizimi joriy etiladi

Toshkent davlat agrar universitetida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 3 yillik bakalavriat tizimi joriy etilib, ta’lim jarayonida amaliyot ulushi keskin oshiriladi. Shuningdek, mos yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalarga bosqichma-bosqich traktorchi-mashinist guvohnomasi berish, dual ta’limni kengaytirish hamda agrar soha uchun amaliy ko‘nikmaga ega mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

 

“Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–135-son, 11.04.2026-y.) qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2030-yilga qadar Toshkent davlat agrar universitetini (Universitet) rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

 

— Universitetning xalqaro nufuzini oshirish hamda xalqaro reyting tashkilotlarining top-500 talik oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga kiritishga erishish;

 

— ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan olinadigan mablagʻlar hajmini 3 baravarga oshirish;

 

— xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim dasturlari sonini 4 baravarga oshirish.

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:

 

— agrar oliy taʼlim muassasalarida belgilangan roʻyxatda keltirilgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimi 3-yillik taʼlim dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi. Bunda oʻquv jarayonlarida nazariy va amaliy mashgʻulotlar ulushi:

 

  • 1-kursda – 60 foiz nazariy va 40 foiz amaliy;
  • 2-kursda – 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
  • 3-kursda – 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy boʻlishi nazarda tutiladi;

 

— talabalarning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari va sohalarning xususiyatidan kelib chiqib, Universitetning yuqori kurslarida oʻqish nazariy taʼlimdan ajralgan holda 4 oy muddatga uzluksiz dual taʼlim (talabalar amaliyoti) asosida tashkil etiladi.

 

2026/2027 oʻquv yilidan:

 

Universitet tomonidan belgilanadigan mos taʼlim yoʻnalishlarining oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqqan holda:

 

— 1-kurs bitiruvchilariga “A”, “B”, “C” va “D” toifalaridagi qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasi;

 

— 2-kurs bitiruvchilariga (“A”, “B”, “C” va “D” toifasidagi traktorchi-mashinist guvohnomasi mavjud) “E” va “F” toifalaridagi qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasi belgilangan tartibda beriladi.

 

Universitet huzurida Yangi agronomlarni tayyorlash jamgʻarmasi (Jamgʻarma) tashkil etiladi.

 

Yoshlar tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha boʻlgan zanjirni moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston yosh fermerlar kengashi tomonidan “Yosh fermerlar savdo maktabi” loyihasi amalga oshiriladi.

 

Universitet talabalarini agrar sohada amaliy bilimlarga ega boʻlgan mutaxassis sifatida tayyorlash maqsadida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “kelajak fermerlari” tashabbusi joriy etiladi.