“QS World University Rankings by Subject – 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi 12 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning top-1000 universitetlari ro‘yxatidan joy oldi.
2026-yil 25-mart kuni xalqaro nufuzli “QS Quacquarelli Symonds” agentligi tomonidan dunyoning eng yaxshi universitetlarining fan sohalari bo‘yicha reytingi – “QS World University Rankings by Subject – 2026” natijalari e’lon qilindi.
Mazkur reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi 12 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning top-1000 universitetlari ro‘yxatidan joy oldi. Ushbu natija o‘tgan yilga nisbatan reytingga kirgan universitetlar soni 2 taga, fan yo‘nalishlari esa 4 taga oshganini ko‘rsatadi.
Avvalroq, 2025-yilning 18-noyabr kuni “QS Quacquarelli Symonds” agentligi 2026-yil uchun “QS Sustainability Rankings 2026” (QS Barqaror rivojlanish reytingi) natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan ularning uchtasi Top-1000 talik ro‘yxatdan o‘rin olgani haqida xabar bergan edik.
Yangi e’lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning bir qator oliy ta’lim muassasalari bir necha strategik yo‘nalishlar bo‘yicha dunyo miqyosida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lgan:
Tarixiy eng yuqori natija: Toshkent davlat texnika universiteti “Neft va gaz muhandisligi” yo‘nalishida 2-marotaba ishtirok etib, dunyoning eng kuchli 101-150 talik universitetlari ro‘yxatiga kirgan.
Sifat o‘zgarishi: O‘zbekiston milliy universiteti “Fizika va astronomiya” sohasida keskin o‘sish ko‘rsatib, 601-675 pog‘onadan 401-450 talikka ko‘tarilgan. Shuningdek, universitet “Matematika” fani bo‘yicha ham o‘z pozitsiyasini yaxshilab, 401-450 oralig‘idan 301-350 talik guruhiga kirgan.
Gumanitar va ijtimoiy sohalar: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Lingvistika” yo‘nalishida o‘tgan yilgi 251-300 o‘rnidan 201-250 talikka yuqorilagan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti esa “Huquq va yuridik fanlar” (251-300), “Iqtisodiyot va ekonometrika” (251-300) hamda “Biznes va boshqaruv tadqiqotlari” (551-600) yo‘nalishlarida ilk marotaba xalqaro reytingda qayd etilgan.
Yangi yo‘nalishlar: “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi” (401-475) hamda “Elektr va elektronika muhandisligi” (501-550) yo‘nalishlarida reytingga yangi a’zo sifatida qo‘shilgan.
Reytingda qayd etilgan O‘zbekiston universitetlari va yo‘nalishlari:
| Universitet nomi | Yo‘nalish (Fan) | Reytingdagi o‘rni (2026) | Reytingdagi o‘rni (2025) |
|---|---|---|---|
| Toshkent davlat texnika universiteti | Neft va gaz muhandisligi | 101-150 | — (yangi) |
| Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | Huquq va yuridik fanlar | 251-300 | — (yangi) |
| O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti | Lingvistika | 201-250 | 251-300 |
| O‘zbekiston milliy universiteti | Arxeologiya | 201-260 | — (yangi) |
| Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti | Zamonaviy tillar | 251-300 | 301-350 |
| Samarqand davlat universiteti | Zamonaviy tillar | 251-300 | — (yangi) |
| “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti | Atrof-muhit fanlari | 451-500 | 351-400 |
| Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | Biznes va boshqaruv tadqiqotlari | 551-600 | — (yangi) |
| O‘zbekiston milliy universiteti | Lingvistika | 301-350 | 301-350 |
| O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti | Zamonaviy tillar | 301-350 | — (yangi) |
| Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | Iqtisodiyot va ekonometrika | 251-300 | — (yangi) |
| O‘zbekiston milliy universiteti | Fizika va astronomiya | 401-450 | 601-675 |
| “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti | Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi | 401-475 | — (yangi) |
| “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti | Elektr va elektronika muhandisligi | 501-550 | — (yangi) |
| O‘zbekiston milliy universiteti | Matematika | 301-350 | 401-450 |
