23-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga moʻljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Unda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik taʼlim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi.
Taqdimotga ko‘ra, “Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni bir-biriga bogʻlagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan.
Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi oʻrtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.
Loyihaga koʻra, tayyorlanadigan oʻquvchi va talabalar soni 2028-2029-oʻquv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yoʻnalishlar ochiladi. Taʼlim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uygʻunlashtiriladi. Universitet taʼlim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targʻibot ishlari uchun katta miqdorda mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.
Shu munosabat bilan “Green University” huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi koʻzda tutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sputnik maʼlumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi. Buning natijasida choʻllanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolboʻyi va qurgʻoq hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Oʻzbekiston hududining 70 foizi arid zonadan iborat boʻlib, yerlarning 70 foizdan ortigʻi degradatsiyaga uchragan. Yer resurslarining yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.
Shu munosabat bilan “Green University” huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy markazga aylanishi koʻzda tutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sputnik maʼlumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi. Buning natijasida choʻllanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolboʻyi va qurgʻoq hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Avvalroq, endi maktablar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilishi haqida xabar bergan edik.
