Qozog‘istonda yangi formatdagi maktablarda 218 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda

Qozog‘istonda yangi formatdagi maktablarda 218 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda

Qozog‘istonda “Kelajak maktablari” loyihasi doirasida yangi formatdagi maktablarda tahsil olaytgan bolalar soni 218 ming nafardan oshdi. Bu haqda mamlakat  Maktab ta’limi vazirligiga axborotiga tayanib Kazinform agentligi xabar berdi.

 

Qozog‘iston prezidenti topshirig‘iga muvofiq 2023–2025-yillarda mamlakatda “Kelajak maktablari” milliy loyihasi amalga oshirildi.

 

Ushbu loyiha bolalarga sifatli va bepul ta’lim olishda teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

 

Loyihaning asosiy maqsadi — har bir bolaga yashash joyi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar sifatli ta’lim olish imkonini ta’minlashdan iborat.

 

Uch yil davomida xalqaro standartlarga mos keladigan yangi formatdagi maktablarda 460 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Loyiha doirasida jami 217 ta maktab qurilgan. Shundan 105 tasi 2024-yilda, yana 112 tasi 2025-yilda foydalanishga topshirilgan.

 

Natijada 52 ta uch smenali va 12 ta avariya holatidagi maktab muammosi to‘liq bartaraf etilgan. Shuningdek, 100 dan ortiq maktabda o‘quvchi o‘rinlari yetishmovchiligi sezilarli darajada kamaytirilgan.

 

Barcha maktablar joylashgan hududidan qat’i nazar yagona standart asosida qurilgan — poytaxtda ham, olis hududlarda ham bir xil sharoit yaratilgan. Maktablarning 40 foizi qishloq joylarda joylashgan bo‘lib, bu shahar va qishloq maktablari o‘rtasidagi infratuzilmaviy tafovutni sezilarli kamaytirdi.

 

Hozirgi kunda 183 ta maktabda o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Ularda qariyb 218 ming o‘quvchi tahsil olmoqda va 17 mingga yaqin pedagog faoliyat yuritmoqda.

 

Ayni paytda yagona markazlashgan boshqaruv modeli joriy etilgan bo‘lib, 900 dan ortiq rahbarlardan iborat boshqaruv korpusi shakllantirilgan. “Keleshak mektepteri” tarmog‘ida sinovdan o‘tgan eng yaxshi tajribalar, boshqaruv modeli hamda infratuzilmaviy standartlar butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishi rejalashtirilgan.

 

Loyiha operatori etib I. Altinsarin nomidagi Milliy ta’lim akademiyasi belgilangan. Akademiya tarkibida ilmiy-metodik qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyat yuritadi. U o‘quv-tarbiya jarayonini metodik va mazmuniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, raqamlashtirishni muvofiqlashtirish, kadrlarni tanlash va ularning malakasini oshirish, ta’lim sifatini monitoring qilish va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

 

Ta’kidlash joizki, loyiha koordinatori tomonidan mamlakatning barcha hududlarida o‘quv seminarlarini o‘tkazish boshlangan. Ularda qariyb 1700 nafar pedagog ishtirok etgan. Rahbarlar va o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatilmoqda.

 

Avvalroq Oksford universiteti BMT bilan hamkorlikda e’lon qilgan dunyoning eng baxtli mamlakatlari reytingida MDH davlatlari orasida yetakchi o‘rinni Qozogʻiston egallagani haqida xabar bergan edik.