13–18 yoshdagi o‘quvchilar o‘rtasida xalqaro standartlar olimpiadasiga saralash bosqichi e’lon qilindi

13–18 yoshdagi o‘quvchilar o‘rtasida xalqaro standartlar olimpiadasiga saralash bosqichi e’lon qilindi

Umumiy o’rta ta’lim maktablarining 13-18 yoshdagi o’quvchilar o’rtasida xalqaro standartlar olimpiadasida ishtirok etuvchi O’zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralash bosqichlari boshlandi. Bu haqda Fan olimpiadalar markazi xabar berdi.

 

Unga ko’ra, saralash olimpiadasi 2 yosh toifasida o’tkaziladi:

 

  • Kichik yosh toifasi — 13-15 yosh;
  • Katta yosh toifasi — 16-18 yosh.

 

Saralashda quyidagi o’quvchilar ishtirok etishlari mumkin.

 

Katta yosh toifasi bo’yicha:

 

— Asosiy olimpiadaning matematika va fizika fanlari bo’yicha hududiy bosqichida 1-2-3-o’rinlarni qo’lga kiritgan g’oliblar;

 

— STEM olimpiadaning matematika va fizika fanlari bo’yicha hududiy bosqichda 1-2-3-o’rinlarni qo’lga kiritgan g’oliblar;

 

— har bir hududdagi Prezident maktabidan tavsiya etilgan 5 nafargacha o’quvchi.

 

Kichik yosh toifasi bo’yicha:

 

— Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasi hududiy bosqichida 1-2-3-o’rinlarni qo’lga kiritgan g’oliblar;

 

— STEM olimpiadaning matematika va fizika fanlari bo’yicha hududiy bosqichda 1-2-3-o’rinlarni qo’lga kiritgan g’oliblar;

 

— har bir hududdagi Prezident maktabidan tavsiya etilgan 5 nafargacha o’quvchi.

 

Qayd etilishicha, saralash jarayoni 2 bosqich asosida belgilangan reja-grafikka muvofiq tashkil etiladi. 

 

Birinchi bosqichda ishtirokchilar belgilangan mavzu asosida 4 soat davomida xalqaro talablarga muvofiq ingliz tilida standart yozish topshirig’ini bajaradilar. 

 

Natijalarga ko’ra, har ikki yosh toifasidan eng yuqori natija ko’rsatgan 16 nafardan jami 32 nafar o’quvchi keyingi bosqichga yo’llanmani oladi.

 

Topshiriqlarni bajarish vaqtida internet vositalari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.

 

Ikkinchi bosqich aprel-may oylarida Fan olimpiadalar markazi tomonidan belgilangan muddatlarda o’tkaziladi.

 

Muhim: Nomzodlardan ingliz tilini mukammal bilishlari talab etiladi.