Grantda o‘qiganlar uchun 3 yillik ishlab berish talabi o‘zgarmoqda: endi ta’lim yo‘nalishiga qarab belgilanadi

Grantda o‘qiganlar uchun 3 yillik ishlab berish talabi o‘zgarmoqda: endi ta’lim yo‘nalishiga qarab belgilanadi

Oliy taʼlim muassasalariga bakalavriat va magistratura boʻyicha davlat grantlari asosida qabul qilingan talabalar vazirlik bilan shartnoma tuzgan holda, oʻqishni tamomlagandan soʻng taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarda kamida uch yil ishlab berishlari kerak edi. Endi ishlab berish muddati 3 yil emas, ta’lim yo‘nalishi xususiyatini hisobga olgan holda vazirlik tomonidan belgilanadigan bo‘lmoqda.

 

Muhokamalar portaliga  Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi joylashtirildi. 

 

2005-yil 7-iyuldagi ‘‘Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisida’’ gi nizom bo‘yicha,  bakalavriatni davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan taqdirda, magistraturani yakunlagandan soʻng kamida uch yil taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarda  majburiy ishlab berishi kerak edi.

 

Shuningdek, agar bitiruvchi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida oʻqigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanar edi.

 

Mazkur loyiha bilan ushbu bandni quyidagicha o‘zgartirish taklif etilmoqda:

 

Endi agar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida o‘qigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati davomiyligi ta’lim yo‘nalishi xususiyatini hisobga olgan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.

 

Ya’ni majburiy ishlab berish talabi saqlanib qolmoqda. Biroq davomiyligi ta’lim yo‘nalishi xususiyatini hisobga olgan holda vazirlik tomonidan belgilanadi.

 

Mazkur qaror loyihasi qabul qilinganidan keyin rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.