Avvalroq ilmiy maqolalarning xalqaro bazalardan qaytarib olinishi (retraction) bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda yuqori o‘rinlardan birini egallayotgani haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi. Endilikda esa ilmiy halollik bilan bog‘liq yana bir xalqaro reyting e’lon qilindi.
Scimago IRIS platformasi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida akademik halollik bilan bog‘liq xavflarni baholovchi reytingni e’lon qildi. Ushbu tizim universitetlarning ilmiy faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan halollik muammolarini turli ko‘rsatkichlar asosida tahlil qiladi.
Mazkur reyting an’anaviy reytinglardan farqli ravishda universitetlarning ilmiy natijalarini emas, balki ilmiy faoliyatdagi ehtimoliy xavflarni baholashga qaratilgan.
Unda ilmiy halollik tahdidlari yuqori deb baholangan muassasalar orasida O‘zbekistonning bir nechta oliy ta’lim muassasalari ham yuqori o‘rinlarni egallagan. Xususan, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti, Toshkent amaliy fanlar universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti anti-reytingning top-10 taligidan joy olgan. Shulardan Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti birinchi o‘rinda qayd etilgan.
Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan jami 29 ta oliy ta’lim muassasasi ushbu reytingda keltirilgan. Ulardan ayrimlarida akademik halollik tahdidlari “yuqori” yoki “o‘rtacha” darajada deb baholangan.
Taʼlim boʻyicha mutaxassis Komil Jalilovning ta’kidlashicha, beshta O‘zbekiston OTMlari ilmiy halollik tahdidlari bo‘yicha dunyo miqyosidagi top-100 talikka ham kirgan.
Shuningdek, u ‘‘OTMlarimizda va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimimizda sifatga emas, songa (chop qilingan maqolalar soni) e’tibor berilaverar ekan, professor-o‘qituvchilar va ilmiy ishi himoyaga chiqadigan tadqiqotchilarda maqolalar soni bo’yicha bosim saqlanib qolar ekan, bunday anti-reytinglardan tushishimiz qiyin bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan.
Ko‘pchilik mazkur reyting natijalariga shubha bilan qarayotgani ham kuzatilgan. Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari reytingni ishonchsiz deb baholab, unda birinchi o‘rinda qayd etilgan Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining bir necha yil avval tugatilganini sabab sifatida keltirgan.
Bu borada taʼlim boʻyicha mutaxassis Komil Jalilov quyidagicha fikr bildirgan:
— Reyting 2020-2024-yillardagi maʼlumotlarga asoslangan. Ha, SamQXI 2020-yilda ham yoʻq edi, deyishingiz mumkin, lekin, undan oldin boʻlgan-ku va uning nomidan ilmiy jurnallarda maqolalar eʼlon qilingan-ku. Yaʼni, SamQXI nomidan bu muassasa mavjud boʻlgan paytda eʼlon qilingan maqolalar ilmiy halollik talablariga javob bermasligi keyinroq aniqlangan va maqolalar qaytarib olingan (retracted) boʻlishi mumkin. Keyinroq paydo boʻlgan muassasalarning esa (masalan, Yangi Oʻzbekiston universiteti) ilmiy ‘‘output’’i halollik talablariga javob bermasligi yuzaga chiqishi uchun kamroq vaqt ketgan boʻlishi mumkin — deydi u.
Shuningdek, u ilmiy ishlarda halollik bilan bog‘liq muammolar ayrim hollarda oradan yillar o‘tgach ham aniqlanishi mumkinligini qayd etgan. Ilmiy hamjamiyatda dissertatsiya yoki maqolalarda plagiat aniqlanishi holatlari ko‘pincha ancha vaqt o‘tgach yuzaga chiqishi mumkinligini ta’kidlagan.
— Shunday ekan, biz uchun yagona toʻgʻri yechim koʻzguni ayblamasdan, maqolalar soni ortidan, soxta, pulga sotib olingan, yoki zarning, yoki zoʻrning kuchi bilan ‘‘himoya’’ qilingan PhDlar va DSclar ortidan quvishni bas qilishdir — deya fikr bildiradi Jalilov.
