Xitoyning Uxan shahrida joylashgan laboratoriyada robotlar xuddi o‘quvchilar kabi maktabda o‘qimoqda. Tadqiqotchilar ularni qahva tayyorlash, buyumlarni joyiga qo‘yish va oddiy uy ishlarini bajarish kabi kundalik vazifalarga o‘rgatmoqda. Bu haqida ‘‘Euronews’’ xabar berdi.
Robotlarni o‘qitish jarayonida virtual reallik texnologiyalaridan foydalaniladi. Trenerlar VR ko‘zoynaklari va maxsus qurilmalar yordamida robotlar qanday harakat qilishi kerakligini amalda ko‘rsatadi. Insonning qo‘l harakatlari robot qo‘llari bilan sinxronlashtiriladi va shu tarzda robot harakatni takrorlab o‘rganadi.
Trenerning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon yosh bolani tarbiyalashga o‘xshaydi.
“Biz VR ko‘zoynaklarini taqib, qo‘limizdagi boshqaruv qurilmalari orqali robotning harakatlarini boshqaramiz. Robot bizning harakatlarimizni takrorlaydi va shu orqali yangi vazifalarni o‘rganadi. Keyin to‘plangan ma’lumotlar maxsus tizimga yuklanadi va tasdiqlangach robot tizimiga integratsiya qilinadi”, — deydi u.
Laboratoriya Xitoyning Uxan shahridagi Sharqiy ko‘l yuqori texnologiyalar hududida joylashgan bo‘lib, bu hudud ko‘pincha “Xitoyning Optika vodiysi” deb ataladi. Markaz ichida robotlar uchun yashash xonasi, ustaxona va ishlab chiqarish zonalari yaratilgan. Bu joylarda robotlar buyumlarni ko‘tarish, saralash, joylashtirish va boshqa oddiy vazifalarni bajarishni mashq qiladi.
Mutaxassislarning aytishicha, robotga yangi ko‘nikmani o‘rgatish uchun bir xil harakat yuzlab, ba’zan esa minglab marta takrorlanadi. Shu tariqa katta hajmdagi ma’lumotlar yig‘iladi va robotlar asta-sekin murakkab vazifalarni bajarishni o‘rganadi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi “robot maktablari” sun’iy intellekt va robototexnika rivojida muhim bosqich bo‘lib, kelajakda inson va robot hamkorligining yangi shakllarini yaratishi mumkin.
Avvalroq, Xitoyda ilk bor robot universitetga o‘qishga qabul qilingani haqida xabar bergan edik. ‘‘Xueba’’ (xitoy tilidan tarjima qilinganda “aʼlochi” degan maʼnoni anglatadi) ismli robot Shanxay teatr akademiyasida toʻrt yil davomida teatr, kino va Xitoy operasini oʻrganadigan boʻldi. Shundan soʻng robot boshqa talabalar kabi dissertatsiya yozadi.
