Pedagoglarni har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

Pedagoglarni har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

Pedagog xodimlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirish nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

 

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidagi barcha davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar har yili davriy tibbiy ko‘rikdan majburiy tarzda o‘tkaziladi.

 

Hujjatda qayd etilishicha, davlat ta’lim tashkilotlarida bevosita bolalarga ta’lim va tarbiya berish bilan shug‘ullanayotgan pedagoglarning tibbiy ko‘riklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, kafolatlangan tibbiy xizmatlar doirasida amalga oshiriladi.

 

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning tibbiy ko‘riklari esa tashkilot mablag‘lari hisobidan, tegishli litsenziyaga ega davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasalari tomonidan o‘tkazilishi belgilanishi rejalashtirilmoqda.

 

Shuningdek, pedagoglarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish davrida pedagog o‘z ish joyi (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.