4 kun-u 3 tun video o‘yin o‘ynagan talaba miyaga qon quyilishidan vafot etdi

4 kun-u 3 tun video o‘yin o‘ynagan talaba miyaga qon quyilishidan vafot etdi

Tayvanda universitet talabasi to‘rt kun-u uch tun davomida to‘xtovsiz video o‘yin o‘ynagach, miya qon quyilishi natijasida vafot etdi. Bu haqda ftvnews nashri xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, talaba qishki ta’til vaqtida deyarli barcha vaqtini kompyuter qarshisida o‘tkazib, onlayn o‘yin o‘ynagan. Onasi bir necha bor uni dam olishga va kompyuterni o‘chirishga ko‘ndirishga harakat qilgan, biroq bu holat davom etavergan.

 

To‘rt kun-u uch tun davom etgan o‘yinlardan so‘ng, talaba kechasi hojatxonaga borish paytida birdan og‘riqdan qattiq baqirib, hushidan ketgan. Shundan so‘ng, u zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan.

 

Shifokorlar tekshiruvlar natijasida, unda miya arteriyasi yorilib ketgani va kuchli ichki qon ketish yuzaga kelganini aniqlagan. Talabaning hayotini saqlab qolish uchun shoshilinch operatsiya o‘tkazilgan, biroq uning ahvoli og‘irligicha qolgan.

 

Talaba bir necha oy davomida sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holda davolangan. Oila a’zolari uning hushiga kelishiga umid qilgan, biroq vaqt o‘tishi bilan ular og‘ir qaror qabul qilib, hayotni saqlab turuvchi apparatlarni o‘chirishga rozi bo‘lishgan.

 

Mutaxassislarning aytishicha, ortiqcha ishlash, uzoq vaqt uyqusiz qolish, stress va zararli odatlar miya qon tomirlarini zaiflashtirib, hatto yosh odamlarda ham miya qon quyilishiga olib kelishi mumkin.