Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan taqdim etilgan metodik tavsiyaga ko‘ra, dars jarayonida topshiriqlarni hammadan oldin bajarib, qolgan vaqt davomida sinfdoshlarini chalg‘itadigan o‘quvchi bilan ishlashda jazolash emas, balki uning salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sabab
Bunday holatlar ko‘pincha o‘quvchining yuqori salohiyatli ekanini, topshiriqlar unga yetarlicha murakkab emasligini yoki diqqatini band qiluvchi qo‘shimcha faoliyat zarurligini ko‘rsatadi.
O‘quvchi bo‘sh qolgan paytda tabiiy ravishda energiyasini tashqi tomonga yo‘naltiradi va bu sinf muhitini buzishi mumkin. Muammoni jazolash orqali emas, balki o‘quvchining salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish orqali hal etish eng samarali yondashuvdir.
Takliflar:
Qo‘shimcha rivojlantiruvchi topshiriqlar berish: o‘quvchi vazifani tez bajarganidan so‘ng bo‘sh qolib ketmasligi uchun oldindan tayyorlangan “keyingi bosqich” faoliyatlari taklif qilinadi (ijodiy topshiriqlar, chuqurlashtirilgan savollar, mustaqil o‘qish materiallari va boshqalar).
Differensiallashtirilgan o‘qitish: o‘quvchining yuqori darajada o‘zlashtirish tempiga mos ravishda murakkabroq, tahliliy yoki mantiqiy fikrlashni talab qiladigan topshiriqlar beriladi.
“Fast finisher” tartibi joriy etish: sinfda aniq qoida o‘rnatiladi: kim topshiriqni erta tugatsa, devordagi ro‘yxatdan qo‘shimcha mustaqil mashg‘ulotlardan birini tanlaydi. Bu bolaga mustaqillik, o‘qituvchiga esa vaqt boshqaruvini ta’minlaydi.
Ijtimoiy rol berish (ixtiyoriy): o‘quvchi ijtimoiy faollikni yaxshi ko‘rsa, unga material tarqatish, doskaga misol yozib berish yoki faoliyatni uyushtirish kabi kichik mas’uliyatlar beriladi. Bu energiyasini tartibli faoliyatga yo‘naltiradi.
Individual suhbat orqali motivni aniqlash: o‘quvchi bilan qisqa suhbat o‘tkazilib, u nega vazifalarni tez tugatishi, qanday faoliyat unga yoqishi va nimalar uni zeriktirishi o‘rganiladi. Bu suhbat kelajakdagi ta’lim strategiyasini aniqlashga yordam beradi.
Jazolashdan saqlanish: o‘quvchining tezkor ishlashi — bu salohiyat. Uni jazolash ijobiy xulqni susaytiradi. Asosiy maqsad — uning diqqat va energiyasini foydali yo‘nalishga o‘tkazishdir.
Vazifalarni erta tugatadigan va boshqalarni chalg‘itadigan o‘quvchi bilan ishlashda eng samarali yo‘l uning yuqori salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish va strukturalangan bandlik tizimini yaratishdir.
To‘g‘ri yondashuv orqali bu o‘quvchi sinfning o‘zlashtirish sur’atiga hissa qo‘shuvchi faol, tashabbuskor shaxsga aylanishi mumkin.
Muallif: Gulnoz Xodjayeva
