Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi maktabda o’quvchi qiz stress sabab vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Xabarlarda aytilishicha, ushbu holatga maktabda o’tkazilgan «tarbiyaviy suhbat» sabab bo’lgan. Holat yuzasidan ichki ishlar bosh boshqarmasi raddiya bilan chiqdi. Shuningdek, bolalar ombudsmani ham mazkur holatni nazoratga olganini ma’lum qildi.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining matbuot kotibi Bobur To’lyaganov ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar haqiqatga to’g’ri kelmasligini ta’kidladi.
Olmaliq shahridagi 5-sonli maktabda tahsil oluvchi 9-10-11-sinf o’quvchi qizlari bir-birlari haqidagi turli xil mish-mishlar tarqatilishi natijasida o‘zaro kelisholmay yurishgan.
Ushbu holat yuzasidan maktab ma’muriyati, xotin-qizlar qo’mitasi vakillari va ichki ishlar organlarining aynan ushbu maktabga biriktirilgan inspektor, psixologlari ishtirokida o’quvchi qizlar uchun tarbiyaviy soat yig’ilishi o’tkazish rejalashtirilgan.
Maktabning 10-sinfida o’quvchi marhuma qiz, boshqa o’quvchilar qatori aynan ushbu yig’ilishga kelayotgan vaqtida 1-qavat yo’lagida o’zini yomon his qilgan va yerga yiqilib vafot etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonda ayrim OAV vakillaridan rasman tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so’rab qolamiz. – deydi Bobur To’lyaganov.
Shuningdek, bolalar ombudsmani ham mazkur holatni nazoratga olganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, uning doirasida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Holat yuzasidan prokuratura tomonidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga hamda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.
Bolalar ombudsmani Toshkent viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili joyga chiqqan tarzda mazkur holatda bolaning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganligi bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda. – deyiladi xabarda.
