Bogʻcha va maktablarning boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bogʻcha tashkil etishga ruxsat berildi

Bogʻcha va maktablarning boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bogʻcha tashkil etishga ruxsat berildi

Prezident Farmoniga asosan maktabgacha taʼlim qamrovi past boʻlgan hududlarda bogʻcha tashkil qiladigan tadbirkorliklarga boʻsh yer maydonlaridan foydalanish, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar hamda tarbiyachilar ish haqi xarajatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplash kabi imtiyozlar berildi.

 

Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PF-19 Farmoniga koʻra, 2026-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi imtiyozlar joriy etiladi:

 

«A» band: Bogʻcha va maktablarning (koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan qoʻshimcha turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar bundan mustasno) boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida quyidagi qoʻshimcha imtiyoz va shartlarda bogʻcha tashkil etishga ruxsat beriladi:

 

— ijara toʻlovlari 30-yil muddat davomida undirilmaydi va ushbu muddat tugagandan soʻng mazkur bogʻcha davlat balansiga topshiriladi;

 

har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat bogʻchalarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddat davomida subsidiya beriladi. Bunda mazkur imtiyoz qamrov darajasi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)larda 2024-yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat bogʻchalarga ham tatbiq etiladi;

 

«B» band: Ushbu tuman (shahar)lardagi bogʻcha va maktablarining boʻsh yer maydonlaridan boshqa joylarda quvvati 150 oʻrindan kam boʻlmagan nodavlat bogʻchalarni tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlariga:

 

7 yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 5 milliard soʻmgacha kredit mablagʻlari bogʻchani 18 oygacha boʻlgan muddatda qurish sharti bilan beriladi;

 

— yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turini oʻzgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari belgilangan tartibda auksion orqali ajratiladi. Bunda hokimliklar tomonidan, har yili 1-aprelga qadar demografik oʻsish, aholi joylashuvi va zichligini inobatga olgan holda maqbul yer uchastkalari roʻyxati eʼlon qilib boriladi;

 

— nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan soʻng tarbiyachilarga oylik ish haqi toʻlash xarajatlari davlat bogʻchalaridagi tarbiyachilar uchun belgilangan miqdorda uch yil davomida elektron davomat asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi. Bunda har 30 nafar tarbiyalanuvchi uchun bir shtat birligi miqdorida tarbiyachi hisobga olinadi;

 

“B” banddagi imtiyozlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Avvalroq, xususiy bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi boʻyicha yengilliklar berilishi haqida ma’lum qilgan edik.