Xususiy bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi boʻyicha yengilliklar beriladi

Xususiy bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi boʻyicha yengilliklar beriladi

2030-yil 1-yanvarga qadar quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha yengilliklar beriladi.

 

Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PF-19 Farmoniga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

 

Bunda, maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri hamda viloyatlar markazlari bundan mustasno) maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining boʻsh yer maydonlaridan boshqa joylarda quvvati 150 oʻrindan kam boʻlmagan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etadigan (davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan MTTlari bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlariga 2030-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy soliq stavkasini xususiy bog‘chalar litsenziya olgandan keyin uch yil davomida:

 

  • maktabgacha taʼlim qamrovi 70–80 foiz oralig‘ida bo‘lgan tuman (shahar)larda tadbirkorlik subyektlariga – ijtimoiy soliq stavkasi 5 foiz etib;

  • maktabgacha taʼlim qamrovi 70 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda tadbirkorlik subyektlariga – ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib;

  • bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun mazkur imtiyoz tatbiq etiladi.

 

Jumladan, 2026-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida quriladigan yangi koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etadigan (davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlari bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlariga 2030-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy soliq stavkasini xususiy MTT litsenziya olgandan keyin uch yil davomida 5 foiz etib belgilanishi va bu imtiyoz faqat birinchi qavatdagi bog‘chalar uchun qo‘llanadi.

 

Shuningdek, har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddati davomida subsidiya beriladi.

 

Avvalroq, maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmasligi haqida prezident matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib xabar bergan edik.